Qozog‘iston Oroldagi suv sathini 44 metrga yetkazishni rejalashtirmoqda

eʼlon qilindi
Loyiha Ko‘k-Orol to‘g‘onini rekonstruksiya qilishni nazarda tutadi
Foto: Kaztag.kz

Qozog‘iston Jahon banki bilan hamkorlikda Shimoliy Orol suv sathini Boltiq tizimi bo‘yicha 44 metrga yetkazishni rejalashtirmoqda. Loyiha Ko‘k-Orol to‘g‘onini rekonstruksiya qilishni nazarda tutadi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati xabar berdi.

Orolning hajmi 34 mlrd kub metrga oshiriladi

Qozog‘iston hukumatiga ko‘ra, so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt ichida Shimoliy Orol maydoni 36 foizga kengaygan, undagi suv hajmi esa deyarli ikki barobar oshib, 23,4 mlrd kub metrga yetgan. Suvning minerallashuv darajasi ham ikki barobarga kamaygan. Endi Ko‘k-Orol to‘g‘onini rekonstruksiya qilish orqali suv sathini 44 metrga ko‘tarish rejalashtirilmoqda.

Loyiha amalga oshirilsa, 5-6 yil ichida Shimoliy Orol maydoni 3,9 ming kvadrat kilometrga, suv hajmi esa 34 mlrd kub metrga yetishi kutilmoqda.

Orol tubida 56 mln tup saksovul ekilgan

Qozog‘istonda Orol dengizining qurigan tubini o‘rmonlashtirish ishlari ham davom etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qurigan hududga 3,4 ming tonna saksovul va galofit o‘simliklar urug‘i sepilgan. Shuningdek, 56,2 mln tup saksovul ko‘chati ekilgan.

O‘rmon-meliorativ ishlar umumiy hisobda 1,1 mln gektar maydonni qamrab olgan. Ko‘chat yetishtirish uchun yiliga 3 mln dona ko‘chat beradigan 33 gektarlik pitomnik ham tashkil etilgan.

Sirdaryo Shimoliy Orolni suv bilan ta’minlamoqda

Hozirda Sirdaryo orqali Shimoliy Orolga har yili kamida 2 mlrd kub metr suv yuborilmoqda.

Qozog‘iston hukumati O‘zbekiston bilan transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish bo‘yicha kelishuv ham tuzilganini qayd etdi. Sirdaryodagi suv omborlarining kelishilgan ishlash rejimi suv kam bo‘lgan davrlarda ham Shimoliy Orolga barqaror suv oqimini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Qozog‘iston shuningdek, Kaspiy dengizi sathining pasayishi bo‘yicha ham qo‘shni davlatlar bilan qo‘shma dastur tayyorlamoqda.

Avvalroq o‘zbekistonlik yosh olim Azamat Sultamuratov Orolqum hududini o‘rganishga qaratilgan ilmiy loyihasi bilan xalqaro grant tanlovida g‘olib bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek