Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti uch olimga berildi

eʼlon qilindi
Olimlar nerv hujayralarini yorug‘lik yordamida boshqarish imkonini beradigan optogenetika usulini yaratishga olib kelgan kashfiyotlari uchun taqdirlandi
Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti uch olimga berildi
Foto: Nobel

2026-yilgi fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Karl Daysserot, Peter Hegeman va Georg Nagelga berildi. Karolinska instituti Nobel assambleyasi olimlarni «yorug‘lik orqali boshqariladigan ion kanallari va optogenetikaga oid kashfiyotlari uchun» taqdirladi.

Ularning ishlari tirik miyada ayrim nerv hujayralari faolligini yorug‘lik yordamida yoqish yoki o‘chirish imkonini beradigan optogenetika usulining paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Optogenetika qanday ishlaydi

Optogenetikaning asosini kanalrodopsinlar – yorug‘likka sezgir oqsillar tashkil qiladi. Hegeman va Nagel bu oqsillarni yashil bir hujayrali suv o‘tlarini o‘rganish vaqtida aniqlagan.

Tadqiqotchilar kanalrodopsin geni boshqa hujayraga joylashtirilganda, o‘sha hujayra ham yorug‘likka sezgir bo‘lib qolishini aniqlagan. Shu tariqa suv o‘tlaridagi oqsil tashqaridan boshqarish mumkin bo‘lgan molekulyar «kalit»ga aylangan.

Nerv hujayralari yorug‘lik bilan boshqarildi

Daysserot ushbu yondashuvni nerv hujayralarida qo‘llagan. U kanalrodopsin genini kalamush neyronlariga kiritib, ko‘k yorug‘lik yordamida nerv signalini hosil qilish mumkinligini ko‘rsatgan.

Keyinchalik olim bu usulni tirik sichqon miyasida ham sinab ko‘rgan. Natijada ma’lum neyronlarni juda yuqori aniqlik bilan faollashtirish yoki o‘chirish imkonini beruvchi optogenetika usuli shakllangan.

Usul miya faoliyatini o‘rganishda qo‘llanadi

Bugungi kunda optogenetika dunyoning ko‘plab laboratoriyalarida miyaning xotira, hissiyot va xulq-atvorni qanday shakllantirishini o‘rganishda ishlatiladi.

Usulning muhim jihati shundaki, u miya faolligini shunchaki qayd etibgina qolmay, muayyan neyronlar guruhini faollashtirish yoki o‘chirish orqali sabab-oqibat bog‘liqligini tekshirish imkonini beradi.

Hegeman mukofot haqida ertalab bilgan

Hegeman Germaniyaning rbb telekanaliga suv o‘tlarini qariyb 40 yildan beri o‘rganib kelayotganini aytdi.

U Nobel mukofotini olgani haqida e’lon qilingan kun ertalab Nobel qo‘mitasi raisiga qayta qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan xat orqali bilgan.

Mukofotni topshirish marosimi 11-dekabr kuni Stokgolmda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Bu sana Hegemanning tug‘ilgan kuniga ham to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti Anri B. Kagan va Kenso Soaiga berilgani haqida yozgandi. Olimlar assimetrik organik sintezda nochiziqli effektlar va avtokatalizni kashf etgani uchun taqdirlangan.

Shuningdek