Toshkent shahrida 2 ta avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgardi

Chilonzor tumanidagi Al-Xorazmiy ko‘chasining 700 metr qismida qurilish-montaj ishlari olib borilishi sabab 69 va 77-sonli avtobus yo‘nalishlari harakati vaqtincha o‘zgartirildi. Bu haqda Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Al-Xorazmiy ko‘chasida harakat cheklanadi
Transport vositalari harakati 7-oktabr soat 22:00 dan 8-oktabr soat 06:00 gacha, 8-oktabr soat 22:00 dan 9-oktabr soat 06:00 gacha cheklanadi.
Shuningdek, 9-oktabr soat 15:00 dan 11-oktabr soat 00:00 gacha ham mazkur ko‘cha qismida transport harakati vaqtincha cheklanadi.
69-sonli avtobus qaysi ko‘chalardan yuradi

«Toshkent vokzali – Karvon bozori» yo‘nalishidagi 69-sonli avtobus Toshkent vokzalidan Karvon bozori tomon Zargarlik ko‘chasi orqali harakatlanadi.
Qaytishda esa avtobus Zargarlik ko‘chasi, Qatortol-2 ko‘chasi va Al-Xorazmiy ko‘chasi orqali yuradi.
77-sonli avtobus yo‘nalishi ham o‘zgaradi
«Chilonzor mavzesi 25-daha — Mahalliy aeroporti-3» yo‘nalishidagi 77-sonli avtobus borish va qaytishda Zargarlik hamda Qatortol-2 ko‘chalari orqali harakatlanadi.
Yo‘lovchilardan vaqtinchalik o‘zgarishlarni hisobga olib, safarlarini oldindan rejalashtirish so‘raldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent avtobuslari kelajagi qanday bo‘lishi haqida Franklin Templeton javobi berilgandi. U yerda ta’kidlanishicha, tarifning oshishi kompaniya daromadlarini avtomatik ravishda ko‘paytirmaydi: uning moliyaviy natijalari, avvalo, bajarilgan qatnovlar soni va avtobuslarning texnik tayyorgarligiga bog‘liq. Yaqin muddatdagi ustuvor vazifalar qatoriga avtobus parki holatini va unga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash kiradi.