Turlov Private Holding ayrim loyihalarni IPOga olib chiqishi mumkin

eʼlon qilindi
Turlov Private Holding bir nechta tog‘-kon loyihalarini birlashtirib, kelajakda ularni fond bozoriga olib chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
Turlov Private Holding ayrim loyihalarni IPOga olib chiqishi mumkin
Foto: Roman Dementyev

Tadbirkor Timur Turlovning xususiy investitsiyalarini birlashtiruvchi Turlov Private Holding Ltd. (TPH) bir nechta tog‘-kon loyihalarini yagona guruhga birlashtirib, keyinchalik fond bozoriga olib chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 8-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot nonushtasida holding bosh direktori Olga Baskakova ma’lum qildi.

Uning aytishicha, TPH portfelida kelajakda mustaqil ommaviy kompaniyalar guruhiga aylanishi mumkin bo‘lgan bir nechta loyiha mavjud. Biroq ehtimoliy IPOning aniq muddati hozircha belgilanmagan.

«Qachondir tog‘-kon yo‘nalishidagi loyihalarni bir guruhga birlashtirishni istardik. Bu bunday yirik guruh uchun tabiiy rivojlanish jarayoni. Lekin buning uchun avval kattaroq miqyosga chiqish kerak. Muayyan moliyaviy ko‘rsatkichlar, talablar va yetarli tarix bo‘lishi lozim», – dedi Baskakova.

U holding kelajakda birlashtirilishi va kapital bozoriga olib chiqilishi mumkin bo‘lgan bir nechta loyihani allaqachon ko‘rib chiqayotganini qo‘shimcha qildi.

Oltin qazib olishdan mis konlarigacha

Tog‘-kon sohasi TPH investitsiyalarining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Holding portfelida oltin, nikel va mis qazib olish bilan bog‘liq loyihalar mavjud.

Xususan, 2023-yilda holding oltin konini o‘zlashtirish bilan shug‘ullanuvchi Central Asia Gold kompaniyalar guruhidan ulush sotib olgan. Bundan tashqari, TPH sanoat aktivlariga, jumladan, Semeydagi sement biznesiga ham sarmoya kiritmoqda.

Baskakovaning tushuntirishicha, ko‘plab sanoat va xomashyo loyihalari uzoq investitsiya siklini talab qiladi. Tog‘-kon sanoatida dastlabki sarmoyadan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan davr qariyb o‘n yilni tashkil qilishi mumkin.

Shu sababli holding, avvalo, aktivlarni uzoq muddat rivojlantirish va ularning qiymatini oshirishga e’tibor qaratadi. Kerakli moliyaviy ko‘rsatkichlar va yetarli biznes miqyosiga erishilgach, birjaga chiqish bunday kompaniyalar rivojining keyingi bosqichlaridan biriga aylanishi mumkin.

TPHning o‘zi hozircha IPO rejalashtirmayapti

Shu bilan birga, Turlov Private Holding yaqin yillarda o‘z aksiyalarini ommaviy joylashtirishni rejalashtirmayapti.

«Turlov Private Holdingning o‘zini yaqin uch yil ichida ommaviy kompaniyaga aylantirish haqida hatto o‘ylamaymiz. Biroq ayrim guruh yoki kompaniya alohida ommaviy tuzilmaga aylanishi mumkinligini ko‘rib chiqyapmiz», – dedi Baskakova.

Uning aytishicha, fond bozorida tog‘-kon va logistika kompaniyalarining aksiyalarini ommaviy joylashtirish amaliyoti mavjud. Biroq buning uchun biznes investorlar uchun jozibador bo‘ladigan rivojlanish darajasiga yetishi kerak.

So‘nggi to‘rt yil ichida TPH tarkibida rivojlantirilgan loyihalarning hech biri IPO o‘tkazmagan. Shu bilan birga, ayrim portfel kompaniyalari «Astana» xalqaro moliya markazi bozorida obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirish jalb qilmoqda.

Holding qo‘shimcha kapital manbalarini, jumladan, xitoylik investorlarni jalb qilish va qarz instrumentlarini joylashtirish imkoniyatlarini ham o‘rganmoqda.

Turlov Private Holding haqida nima ma’lum

Turlov Private Holding – 2021-yil 19-iyulda «Astana» xalqaro moliya markazi yurisdiksiyasida ro‘yxatdan o‘tgan xususiy investitsiya kompaniyasi. U Freedom Holding Corp. asoschisi Timur Turlovning shaxsiy investitsiyalarini birlashtiradi va ommaviy moliyaviy guruhdan alohida faoliyat yuritadi.

TPH investitsiya portfelida iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yurituvchi 60 dan ortiq kompaniya mavjud. Asosiy yo‘nalishlar qatoriga tog‘-kon sanoati, logistika, aviatsiya, infratuzilma, texnologiyalar, media, ta’lim va sport kiradi. Investitsiyalarning asosiy geografik yo‘nalishi Qozog‘iston hisoblanadi.

Holding loyihalari orasida Qarag‘andadagi Saryarka aeroporti, Alatau AirCargo yuk aviakompaniyasi, Ostonada data-markaz qurilishi va «Shaxtyor» futbol klubi bor.

TPH yangi kompaniyalar tashkil etishda ham, mavjud korxonalarni rivojlantirishda ham ishtirok etadi. Aksiyalari AQShning Nasdaq birjasida sotiladigan Freedom Holding Corp.dan farqli ravishda, TPH xususiy tuzilma hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Timur Turlov FIDE prezidenti etib saylangani haqida yozgan edi.

Shuningdek