
Xiaomi Auto yangi Xiaomi Skynomad avtomobillar seriyasi sotuvga chiqqanidan keyingi birinchi oy yakunlarini e’lon qildi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 7-sentabrdan 7-oktabrgacha yangi liniyaga 70 mingdan ortiq tasdiqlangan buyurtma kelib tushgan.
Skynomad seriyasiga N90 Max, N90 Max Explorer Edition, N70 Pro va N70 Max modellari kiradi.
Birinchi oyda 10 mingdan ortiq avtomobil yetkazildi
Xiaomi Auto sentabr oyida jami 40 mingdan ortiq avtomobil yetkazib bergan. Kompaniya asoschisi, raisi va bosh direktori Ley Junning aytishicha, shundan 10 mingdan ortig‘i Skynomad seriyasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yangi seriya sentabr oyida rasman sotuvga chiqarilgan va yetkazib berish ham shu oyda boshlangan.

N70 va N90 o‘lchamlari
Xiaomi Skynomad N70’ning uzunligi 4960 mm, kengligi 1998 mm va balandligi 1785 mm. G‘ildirak bazasi 2950 mm.
Kattaroq N90 Max modeli esa 5285 mm uzunlikka, 1998 mm kenglikka va 1825 mm balandlikka ega. Uning g‘ildirak bazasi 3080 mm.
Narxlar $31,3 mingdan boshlanadi
Skynomad N70 Pro FWD besh o‘rinli versiyasi 209,9 ming yuan, ya’ni taxminan $31,3 ming turadi.
N70 Max AWD besh o‘rinli versiyasi 239,9 ming yuan yoki qariyb $35,7 mingga baholangan.
N90 Max AWD besh o‘rinli versiyasi 269,9 ming yuan, ya’ni taxminan $39,7 ming. Yetti o‘rinli N90 Max Explorer Edition esa 299,9 ming yuan yoki qariyb $44,1 ming turadi.
Xiaomi yiliga 550 ming avtomobil sotmoqchi
Kompaniyaning 2026-yil uchun savdo maqsadi 550 mingta avtomobilni tashkil etadi.
Manbaga ko‘ra, sentabr 2026-yilda Xiaomi ilk bor bir oyda 40 mingdan ortiq avtomobil yetkazib bergan. Shu sababli yil yakunidagi maqsadga erishish uchun kompaniya qolgan uch oyda sotuv sur’atini oshirishi kerak bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 18 Pro va 18 Pro Max global bozorga chiqishi haqida yozgan edi.