Erkinjon Turdimov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — Ta’lim va ilm-fan vaziri bo‘ldi

Erkinjon Turdimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ning rasmiy kanalida xabar berildi.
Turdimov ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Sirdaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlagan.
Erkinjon Turdimov kim
Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov 1969-yil 10-iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. U 1991-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
U mehnat faoliyatini 1991-yilda «O‘zsanoatqurilishbank»ning Sirdaryo filialida boshlagan. Keyinchalik bank tizimida va davlat boshqaruvi organlarida turli lavozimlarda ishlagan.
Qaysi hududlarga hokimlik qilgan
Turdimov 2000–2008-yillarda Navoiy viloyatining Xatirchi tumani hokimi, 2008-yilda esa qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
2008–2016-yillarda Navoiy viloyatini, 2016–2018-yillarda Surxondaryo viloyatini, 2018–2024-yillarda esa Samarqand viloyatini boshqargan. 2025-yil yanvarida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan, keyinchalik viloyat hokimi sifatida faoliyat yuritgan.
Turdimov 2016-yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2024-yilda esa «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.
Yangi vazirlik qachon tashkil etildi
Ta’lim va ilm-fan vazirligi 2026-yil 3-oktabrda prezident farmoni bilan tashkil etilgan. U Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida tuzilgan.
Avvalroq Abror Po‘latov prezident administratsiyasi rahbari kotibiyati mudiri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.