Fitch: O‘zbekistonda davlat banklariga hukumat yordami saqlanadi

Fitch Ratings O‘zbekistonda joriy etilayotgan banklarni sog‘lomlashtirish va tugatishning yangi tartibi davlat banklariga ko‘rsatiladigan hukumat yordamini kamaytirmaydi, deb hisoblamoqda.
Fitch barcha O‘zbekiston davlat banklarining uzoq muddatli emitent defolti reytinglarida davlat yordamini hisobga olishda davom etishini bildirdi. Xususiy banklar uchun esa davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash reytingi «no support», ya’ni hukumat yordamiga tayanib bo‘lmaydigan darajada qolmoqda.
«Yangi tartib davlat banklariga tatbiq etilishi ehtimoli past. Biz ularning favqulodda hukumat yordamini olish imkoniyatini o‘rtacha deb baholaymiz», — deyiladi Fitch hisobotida.
Agentlikning fikricha, davlat banklarining aksariyati davlatga tegishli ekani, iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirishdagi roli hamda O‘zbekistonning moliyaviy imkoniyatlari bunday yordam ehtimolini oshiradi.
Muammoli banklarning ayrim qarzlari hisobdan chiqarilishi mumkin
Yangi tartibga ko‘ra, tizimli ahamiyatga ega banklar Markaziy bank nazorati ostida sog‘lomlashtiriladi. Ularning aktiv va majburiyatlari boshqa bankka o‘tkazilishi, vaqtinchalik bank tashkil etilishi yoki ayrim majburiyatlar kapitalga aylantirilishi yoxud hisobdan chiqarilishi mumkin.
Bunday «bail-in» mexanizmi avvalo bank kapitali va subordinatsiyalangan qarzlarga qo‘llanadi. Agar bu zararlarni qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, boshqa majburiyatlar, jumladan katta kreditorlarning qarzlari ham hisobdan chiqarilishi mumkin. Mijozlarning depozitlari esa ushbu mexanizmdan chiqarib tashlangan.
«Katta qarz majburiyatlarini bail-in qilish imkoniyatining qonunda ochiq ko‘rsatilishi xususiy banklarning katta kreditorlari davlat yordamiga tayanmasligi kerakligi haqidagi qarashimizni kuchaytiradi», — deya ta’kidladi Fitch.
Olti davlat bankining reytingi suveren darajaga tenglashtirilgan
Fitch «Milliy bank», «Agrobank», Xalq banki, «BRB», «Aloqabank» va «Mikrokreditbank»ning uzoq muddatli reytinglarini O‘zbekistonning «BB/Positive» suveren reytingiga tenglashtirgan.
Agentlik buni banklarning strategik davlat mulki ekani, davlat dasturlarini moliyalashtirishdagi roli va ilgari ko‘rsatilgan kapital yordami bilan izohlaydi.
«Ushbu banklar strategik sohalar va davlat tomonidan ustuvor deb belgilangan ijtimoiy dasturlarni kreditlashda muhim siyosiy rol o‘ynaydi», — deyiladi hisobotda.
Fitch hisob-kitobiga ko‘ra, hukumat va davlatga aloqador tuzilmalar so‘nggi besh yil ichida siyosiy vazifalarni bajaruvchi banklarga jami $2,4 mlrd kapital kiritgan. «Milliy bank» esa bu davrda qayta kapitallashtirishga ehtiyoj sezmagan.
«SQB» va «Asakabank»ka yordam saqlanadi
«SQB» va «Asakabank» xususiylashtirish rejasiga kiritilgan bo‘lsa-da, Fitch hozircha ularning reytinglarida hukumat yordamini hisobga olishda davom etmoqda. Ikkala bankning uzoq muddatli reytingi «BB/Stable» darajasida.
«Biz hukumat ushbu banklar sotilgunga qadar ularning barqarorligi va yetarli kapitallashuvini saqlash uchun zarur mablag‘ yoki kapital bilan ta’minlaydi, deb hisoblaymiz», — deyiladi Fitch materialida.
Masalan, «Asakabank»ka Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ozchilik ulushini sotib olishidan oldin davlat tomonidan $95 mln kapital kiritilgan.
Fitch «SQB» va «Asakabank»ning 2027-yilgacha xususiylashtirilishini kutmayapti.
«Turonbank» davlat reytingidan bir pog‘ona past
«Turonbank»ning uzoq muddatli reytingi «BB-/Positive» bo‘lib, u O‘zbekiston suveren reytingidan bir pog‘ona past.
Fitch buni bankning kichik hajmi, davlat uchun tizimli va strategik ahamiyati cheklangani hamda aniq davlat siyosati vazifasi belgilanmagani bilan izohlaydi.
««Turonbank»ning davlat uchun tizimli va strategik ahamiyati cheklangan, shuningdek, uning kapital qo‘llab-quvvatlash tarixi siyosiy banklarga qaraganda zaifroq», — deyiladi hisobotda.
Xususiy banklar davlat yordamiga tayanolmaydi
Fitch «Ipak Yo‘li banki», «Orient Finans Bank», «Universal Bank» va «Anorbank» uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash reytingini bermagan.
Agentlik fikricha, yangi tartib ham xususiy banklarning katta kreditorlari bank muammoga duch kelganida hukumat tomonidan qutqarilishiga avtomatik ravishda umid qila olmasligini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy aksiyadorlarga ega «Ipoteka-bank» va TBC Bank Uzbekistan uchun davlat yordami reytingi qo‘llanilmaydi, chunki ularning reytingida aksiyadorlarning ehtimoliy qo‘llab-quvvatlashi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fitch «Anorbank» reytingini «CCC+» darajasigacha pasaytirgandi. Bankning hayotiylik reytingi ham «b-»dan «ccc+»ga tushirildi.