Germaniya shaxmat Bundesligasida 5 nafar o‘zbekistonlik grossmeyster qatnashadi

Germaniya shaxmat Bundesligasining 2026/27-yilgi mavsumi joriy yilning 9-oktabr kuni start oladi. Musobaqada 16 ta klub qatnashadi, dastlabki uch tur esa 9–11-oktabr kunlari o‘tkaziladi. Bundesliga rasmiy taqvimiga ko‘ra, mavsum 2027-yil 4-aprelgacha davom etadi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilar uchta klub tarkibida o‘ynaydi
Mavsum uchun ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonlik shaxmatchilar orasida Nodirbek Abdusattorov SC Viernheim safida, Javohir Sindarov, Rustam Qosimjonov va Shamsiddin Vohidov OSG Baden-Baden tarkibida, Nodirbek Yakubbayev esa FC Bayern München safida qayd etilgan. Bundesliga rasmiy tarkibida Abdusattorov SC Viernheimning birinchi taxtasiga kiritilgan, Qosimjonov va Vohidov esa Baden-Baden ro‘yxatidan joy olgan.
Amaldagi chempion — SC Viernheim. Bundesliga mavsumoldi sharhida OSG Baden-Baden ham chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Shuningdek, o‘qing: Sindarov yoki Gukesh: Shaxmat yulduzlari kimni tanladi
Birinchi tur 9-oktabrdan start oldi
Birinchi turda SC Viernheim SV Erkenschwick 1923 bilan, OSG Baden-Baden SG Solingen bilan, FC Bayern München esa Hamburger SK bilan uchrashadi. Rasmiy jadvalda bu bahslar 9-oktabr kuni Germaniya vaqti bilan 16:00 ga belgilangan.
Biroq besh nafar o‘zbekistonlikning qaysilari aynan birinchi turda doskaga o‘tirishi hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Avvalroq «Kursiv» Javohir Sindarov O‘zbekiston shaxmatidagi muvaffaqiyat sababini aytgani haqida yozgan edi.