Mirziyoyev MDH raisligining 6 ustuvor yo‘nalishini aytdi

eʼlon qilindi
O‘zbekiston 2027-yilda MDHga raislik qiladi
Mirziyoyev MDH raisligining 6 ustuvor yo‘nalishini aytdi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston 2027-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raislik qiladi. Shavkat Mirziyoyev MDH sammitida mamlakat raisligining ustuvor yo‘nalishlarini ma’lum qildi.

Davlat rahbarining aytishicha, O‘zbekiston raisligi «MDH — ishonch va umumiy taraqqiyot makoni» shiori ostida o‘tadi. Hozirda Raislik konsepsiyasi va tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Unda 100 dan ortiq aniq tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Oltita asosiy yo‘nalish belgilandi

Mirziyoyev 2027-yilda asosiy e’tibor iqtisodiyot, yangi texnologiyalar, transport, xavfsizlik, ta’lim, ilm-fan va inson salohiyatini rivojlantirishga qaratilishini ta’kidladi.

«Biz kelgusi yili aniq va sezilarli natija beradigan masalalarni e’tibor markaziga qo‘yish niyatidamiz», — dedi prezident.

Shuningdek, MDH doirasidagi siyosiy muloqotni davom ettirish ham muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatildi.

Sanoat kooperatsiyasi kuchaytiriladi

Prezident MDH davlatlari katta ishlab chiqarish salohiyati, resurslar, texnologiyalar va bozorlarga ega ekanini qayd etdi.

Uning fikricha, ushbu imkoniyatlarni birlashtirish, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va barqaror yetkazib berish zanjirlarini yo‘lga qo‘yish zarur.

Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi savdoga to‘sqinlik qilayotgan cheklovlarni bartaraf etish muhimligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sun’iy intellekt va yangi texnologiyalar ustuvor bo‘ladi

O‘zbekiston raisligi davrida raqamli texnologiyalar bilan bir qatorda muhim minerallar, sun’iy intellekt, robotlashtirish, yangi materiallar va zamonaviy energetika texnologiyalariga ham e’tibor qaratiladi.

«Aynan shu sohalarda o‘z kompetensiyalarimiz va qo‘shma loyihalarimizni yaratib, ortda qolib ketmasligimiz muhim», — dedi Mirziyoyev.

Transport yo‘laklari rivojlantiriladi

Prezident Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi muhim transport tuguniga aylanib borayotganini qayd etdi.

Shu sababli tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan manfaatli yo‘nalishlarni yaratish rejalashtirilmoqda.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash kuchaytiriladi

Xavfsizlik va barqarorlik masalalari ham O‘zbekiston raisligining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

MDH davlatlari terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilikka qarshi hamkorlikni kuchaytirishi rejalashtirilmoqda.

Prezident kiberjinoyatchilik fuqarolar, biznes, banklar va davlat tizimlariga bevosita ta’sir qilayotgan tez kuchayib borayotgan tahdid ekanini ta’kidladi.

Mirziyoyev MDH raisligining 6 ustuvor yo‘nalishini aytdi
Foto: prezident matbuot xizmati

Talabalar va olimlar o‘rtasidagi aloqalar kengaytiriladi

Raislikning yana bir ustuvor yo‘nalishi insonlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘ladi.

Talabalar, yosh mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar va ijodiy kasb vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

«Butun faoliyatimiz markazida inson, uning qadr-qimmati, manfaat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish turishi kerak», — dedi Mirziyoyev.

Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga oid bitim va qarorlar to‘plami imzolandi.

Avvalroq «Kursiv» Mirziyoyev MDHda kiberjinoyatlarga qarshi qo‘shma markaz tashkil etishni taklif qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek