O‘zbekistonliklar Misrga vizani oldindan olishi kerak bo‘ladi: nimalar ma’lum

eʼlon qilindi
Yangi tartib 2026-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi, sayohatchilar uchun yosh va moliyaviy talablar ham belgilanmoqda
O‘zbekistonliklar Misrga vizani oldindan olishi kerak bo‘ladi
Foto: Pexels

2026-yil 1-noyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolarining Misrga kirishi bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi xabar berdi.

Yangi talablarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Misrga safar qilishdan oldin kirish vizasini Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi.

40 yoshgacha bo‘lganlar oila a’zolari bilan boradi

40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari – ota-ona, er yoki xotin yoxud farzandlari hamrohligida safar qilishi mumkin. Bunda oila tasarrufida safar davomida kamida $5000 naqd mablag‘ bo‘lishi talab etiladi.

40 yoshdan katta bo‘lgan va mustaqil sayohat qiluvchi fuqarolar esa kamida $3000 miqdorida naqd mablag‘ga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, o‘qing: Tailand vizasini qanday olish mumkin: Kerakli hujjatlar va to‘lovlar

Turistik safarlar turoperatorlar orqali tashkil etiladi

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, turistik safarlar vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etilishi lozim.

Misrga kirishda mehmonxona bronini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa ma’lumotlari va yetarli moliyaviy ta’minot mavjudligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni taqdim etish talab qilinadi.

Turistik vizani boshqa vizaga almashtirib bo‘lmaydi

Misr hududida bo‘lib turgan vaqtda turistik vizani boshqa turdagi vizaga o‘zgartirish bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi.

Zarur hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan yo‘lovchilar mamlakatga kiritilmasligi va ularni olib kelgan aviakompaniya orqali ortga qaytarilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda kirish-chiqish qoidalari kuchaytirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek