Talabalar Google Gemini AI Plus’dan 1 yil bepul foydalanadi

O‘zbekistonlik talabalar Google Gemini AI Plus xizmatidan bir yil davomida bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Google hamkorligida SheerID O‘zbekistonni rasman qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Bir yillik obuna qiymati $60 ekani ma’lum qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Talabalar SheerID orqali tasdiqlanadi
Talabalar Aileaders.uz platformasi orqali Google verifikatsiyasidan o‘tishi mumkin. Talabalik maqomi tasdiqlangach, Google Gemini AI Plus xizmatiga bir yillik bepul obuna taqdim etiladi.
Xizmatdan foydalanish imkoniyati SheerID xalqaro verifikatsiya platformasi O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar qatoriga kiritganidan keyin yaratildi.
Obunaga nimalar kiradi
Google AI Plus obunasi Gemini ilovasida yuqoriroq foydalanish limitlari va Flash Thinking modelidan foydalanish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, foydalanuvchilarga Google Foto, Google Disk va Gmail uchun jami 400 GB bulutli xotira ajratiladi.
Talabalar Google Flow orqali generativ sun’iy intellekt yordamida video va kinematografik sahnalar yaratishi, Gmail ichida Gemini’dan foydalanishi mumkin.
Bundan tashqari, Gemini Notebook’dagi tadqiqot yordamchisi funksiyalari, audio va video materiallarni qayta ishlash, testlar yaratish hamda sun’iy intellektga asoslangan musiqiy vositalardan kengroq foydalanish imkoniyati beriladi.
Aileaders.uz’da bepul SI kurslari ham mavjud
Ma’lumotga ko‘ra, Aileaders.uz platformasida sun’iy intellekt yo‘nalishida 100 dan ortiq xalqaro kurslarni bepul o‘rganish imkoniyati mavjud.
Talabalar Gemini AI Plus uchun verifikatsiyadan ham mazkur platforma orqali o‘tishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ChatGPT va boshqa sun’iy intellekt servislarida global nosozlik kuzatilgani haqida xabar berilgandi.