Toshkent metrosi uchun 280 mln dollarlik poyezdlar xarid qilinadi

Toshkent metropoliteni uchun umumiy qiymati $280 mln gacha bo‘lgan 14 ta yangi poyezd xarid qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Kengashining 8-oktabrdagi qarorida ma’lum qilingan.
Har bir poyezd beshta vagondan iborat bo‘ladi
Hujjatga ko‘ra, metropoliten uchun 14 ta besh vagonli tarkib xarid qilinadi. Bu poyezdlar jami 70 ta vagondan iborat bo‘ladi.
Avvalroq 2026-yilda Toshkent metrosi uchun har biri to‘rtta vagondan iborat 14 ta yangi poyezd xarid qilish rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi. Yoz oylaridan boshlab yangi tarkiblar poytaxtga yetkazib berila boshlagan. Ushbu poyezdlar konditsioner va isitish tizimlari bilan jihozlangan.
Metropoliten 11 ta yangi tarkibni qabul qilgan
Avgust oxiriga kelib rejalashtirilgan 14 ta tarkibdan 11 tasi Toshkentga yetib kelgan edi.
Yangi poyezdlarning ishga tushirilishi tig‘iz vaqtlarda qatnov oralig‘ini qisqartirish imkonini berdi. Chilonzor yo‘nalishida interval 1,5–2 daqiqagacha, O‘zbekiston yo‘nalishida uch daqiqagacha, Yunusobod yo‘nalishida esa to‘rt daqiqagacha qisqartirilgan.
2030-yilgacha 79 ta stansiya bo‘lishi rejalashtirilgan
Toshkent metrosi parkini kengaytirish tarmoqni rivojlantirish bilan bir vaqtda olib borilmoqda.
Rejalarga ko‘ra, 2030-yilgacha poytaxt metropolitenidagi stansiyalar soni 79 taga yetkaziladi. Shuningdek, kunlik yo‘lovchilar oqimini 1,8 mln kishigacha oshirish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent metrosida yo‘qolgan 10 ming dollar egasiga qaytarilgani haqida yozgandi.