Toshkent viloyatida 13,9 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi

Toshkent viloyatida oqova suv tozalash inshooti qurilishida 13,9 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Holat Departamentning Zangiota tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlangan.
73,3 mlrd so‘mlik ish 87,2 mlrd deb ko‘rsatilgan
Ma’lumotga ko‘ra, «Suv ta’minot va oqova suv obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUK Toshkent hududiy boshqarmasi hamda Toshkent viloyati «Suvoqova» DUK o‘rtasida shartnoma tuzilgan.
Unga asosan Nurafshon shahrida oqova suv tozalash inshooti qurilgan.
Departament ma’lumotiga ko‘ra, amalda 73,3 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan bo‘lsa-da, hujjatlarda ishlar 87,2 mlrd so‘mga bajarilgani haqida soxta ma’lumotlar kiritilgan.
Natijada 13,9 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Surxondaryoda qariyb 42 kg opiy musodara qilingani haqida yozgan edi.