Yaponiya banki O‘zbekistondagi energetika va tibbiyot loyihalarini moliyalashtirishi mumkin

O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) istiqboldagi infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu masala joriy yilning 8-oktabr kuni bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda JBIC katta boshqaruvchi direktori Hiroki Sekine uchrashuvida ko‘rib chiqilgani haqida vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Energetika va sog‘liqni saqlash loyihalari muhokama qilindi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalariga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, sog‘liqni saqlash, energetika va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilingan.
Yapon kompaniyalari ham loyihalarga jalb qilinishi mumkin

Ushbu loyihalarga yapon kompaniyalarini jalb qilish va ularni moliyalashtirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashilgan. Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va istiqboldagi loyihalar bo‘yicha maslahatlashuvlarni kengaytirishga kelishib olgan. Hozircha vazirlik aniq loyihalar, ularning qiymati yoki JBIC ajratishi mumkin bo‘lgan mablag‘ miqdorini ma’lum qilmagan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturini imzoladi haqida yozgan edi.