Elektromobil bozori ikki tomonga ajraldi: AQSHda pasaydi, Yevropada o‘sdi

2026-yilning yanvar – sentabr oylarida AQShda elektromobil savdosi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 30,7 foizga kamaydi. Yevropada esa elektr avtomobillarning umumiy bozoridagi ulushi 23,2 foizga yetdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
AQSHda xaridorlar nega elektromobildan yuz o‘girmoqda
Motor Intelligence ma’lumotlariga ko‘ra, elektromobillar AQShdagi yangi avtomobil savdosining atigi 6 foizini tashkil etmoqda. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 8,5 foiz bo‘lgan.
Savdoning pasayishiga sabablar orasida elektromobil xaridiga berilgan 7 500 dollarlik federal soliq imtiyozining tugashi va hukumatning elektromobillarni qo‘llab-quvvatlash siyosatidagi o‘zgarishlar bor. Ayrim ishlab chiqaruvchilar yangi elektr modellarini chiqarish rejalarini qisqartirib, gibrid avtomobillarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
AQShda 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida gibrid avtomobillar savdosi 23 foizga oshgan. Ishlatilgan elektromobillar savdosi ham 19 foiz o‘sib, narxi nisbatan arzon transport vositalariga talab saqlanib qolayotganini ko‘rsatgan.
Yevropada vaziyat boshqacha
Yevropada elektromobillarning bozor ulushi 2025-yilning shu davridagi 17,7 foizdan 23,2 foizga ko‘tarilgan. Bunga yonilg‘i narxlarining oshishi, hukumatlar tomonidan beriladigan imtiyozlar, emissiya talablarining qat’iyligi va arzonroq modellar sonining ko‘payishi ta’sir qilmoqda.
Yevropa bozorida Xitoy ishlab chiqaruvchilarining ko‘payishi ham xaridorlar uchun tanlovni kengaytirmoqda. Natijada AQSh va Yevropada elektromobil savdosi turli yo‘nalishda rivojlanmoqda.
Avvalroq Mercedes-Benz kompaniyasining 2026-yil uchinchi choragidagi asosiy avtomobil savdolari yillik hisobda 8 foizga kamayib, 407 200 donani tashkil etgani haqida xabar berilgandi.