Metroda yo‘qolgan 10 ming dollarni xodim emas, yo‘lovchi ayol topib olgan

eʼlon qilindi
Shoxruh G‘iyosov «topib oldi» iborasi majoziy ma’noda ishlatilganini tushuntirdi
Foto: «Toshkent metropoliteni»

Toshkent metrosida Qozog‘iston fuqarosi yo‘qotgan 10 ming dollarni ichki ishlar xodimi emas, yo‘lovchi ayol topib, metro xavfsizlik xizmati xodimlariga topshirgan. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» axborot xizmati xabar berdi.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi tarqatgan videoda pulni ichki ishlar xodimlari topib olgani aytilgan edi. Keyinchalik vazirlik matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov «topib oldi» iborasi majoziy ma’noda ishlatilganini tushuntirdi.

Pulni yo‘lovchi ayol topib, metro xodimlariga topshirgan

Metropoliten e’lon qilgan videoda erkak yo‘lovchining yon sumkasidan pul tushib qolishi aks etgan. Erkak buni sezmay, yo‘lida davom etgan.

Birozdan so‘ng boshqa bir yo‘lovchi ayol pulni ko‘rib, uni metroda xizmat qilayotgan Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga topshirgan.

Metropoliten halol fuqaroga hamda xizmat vazifasini bajargan xodimlarga minnatdorlik bildirgan.

$10 ming egasiga qaytarilgan

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘iston fuqarosi Toshkentga avtomobil sotib olish uchun kelgan va Sergeli tumaniga borayotganida pulini yo‘qotgan. U pul yo‘qolganini avtomobil bozoriga yetib borganidan keyin payqagan.

Avvalroq Toshkent metropolitenida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari $10 ming miqdoridagi pulni topib, qonuniy egasiga qaytargani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek