Britaniyada yo‘lbars hujumidan bir kishi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Hodisa Yorkshire Wildlife Park’da yuz berdi
Britaniyada yo‘lbars hujumidan bir kishi halok bo‘ldi
Foto: PA Media

Buyuk Britaniyaning Donkaster shahri yaqinidagi Yorkshire Wildlife Park’da yo‘lbars hujumidan bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Janubiy Yorkshire politsiyasi ma’lum qildi.

Politsiyaga shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:35 atrofida murojaat kelib tushgan. Bungacha erkak yo‘lbars saqlanadigan hududga kirgani ko‘rilgan.

Erkak voqea joyida vafot etdi

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lbars erkakka hujum qilgan va u olgan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Hayvon jarohatlanmagan va hodisadan keyin ham o‘z hududida qolgan.

Voqeadan so‘ng Yorkshire Wildlife Park yopilgan. Bog‘ ma’muriyati dam olish kunlarining qolgan qismida ham tashrif buyuruvchilar uchun ochilmasligini ma’lum qildi.

Bog‘ favqulodda tartibni ishga tushirgan

Yorkshire Wildlife Park hodisadan keyin favqulodda vaziyatlarga javob berish tartibi darhol ishga tushirilganini bildirdi.

«Hayotdan ko‘z yumgan insonning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz», – deyiladi park bayonotida.

Politsiya marhumning oila a’zolariga yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hodisa aks etgan videolar internetda tarqalayotgani sababli ularni ulashmaslikka chaqirdi.

Hodisa sabablari o‘rganilmoqda

Park ma’muriyati tegishli organlar bilan hamkorlikda voqea qanday yuz berganini aniqlash ustida ishlayotganini bildirdi.

Hodisa guvohlaridan biri park xodimlari tashrif buyuruvchilarni hududdan evakuatsiya qilganini aytgan.

Yorkshire Wildlife Park 2009-yilda ochilgan. Bog‘dagi yo‘lbarslar hududi esa 2011-yildan faoliyat yuritadi. U yerda tabiatda soni qariyb 500 taga qolgan Amur yo‘lbarslari saqlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Britaniyada 1,3 mingga yaqin aviareyslar bekor qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek