MrBeast Toshkentda muxlislariga pul tarqatdi, bepul bo‘lgan Google Gemini AI Plus xizmati — hafta yangiliklari

MrBeast Toshkentda muxlislariga pul tarqatdi, bepul bo‘lgan Google Gemini AI Plus xizmati — hafta yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Talabalar Google Gemini AI Plus’dan 1 yil bepul foydalanadi

O‘zbekistonlik talabalar Google Gemini AI Plus xizmatidan bir yil davomida bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Google hamkorligida SheerID O‘zbekistonni rasman qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Bir yillik obuna qiymati $60 ekani ma’lum qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Talabalar Aileaders.uz platformasi orqali Google verifikatsiyasidan o‘tishi mumkin. Talabalik maqomi tasdiqlangach, Google Gemini AI Plus xizmatiga bir yillik bepul obuna taqdim etiladi.
MrBeast Toshkentda muxlislariga pul tarqatdi — video
Toshkentda amerikalik mashhur bloger Jimmi Donaldson, ya’ni MrBeast ishtirokidagi tadbir boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda u uch nafar muxlisiga 100 mln so‘mdan pul mukofoti topshirgani aks etgan.
Tarqalgan videolarga ko‘ra, MrBeast Toshkentdagi muxlislar bilan uchrashuv doirasida o‘tkazilgan o‘yinlarda uch nafar ishtirokchini pul mukofoti bilan taqdirlagan.
Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

2026-yilgi Fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olim Karl Deisserot hamda germaniyalik olimlar Peter Hegemann va Georg Nagelga berildi. Ular asab hujayralari faoliyatini yorug‘lik yordamida boshqarish imkonini bergan kashfiyotlari va optogenetika usulini rivojlantirgani uchun taqdirlandi. Bu haqda Nobel mukofotining rasmiy sayti xabar berdi.
Xorazmda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Xorazm viloyatida Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filiali tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. Filialda ta’lim jarayoni 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi.
Filialda o‘qitish o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida tashkil etiladi. Talabalar kunduzgi va muqobil ta’lim shakllarida tahsil olishi mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda 71,8 mingta kvartira foydalanishga topshirildi

2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 71 839 ta kvartira foydalanishga topshirildi. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 30,5% ga ko‘p. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
2025-yilning shu davrida mamlakat bo‘yicha 55 065 ta kvartira foydalanishga topshirilgan edi. Bir yil ichida ko‘rsatkich 16 774 taga oshgan.
Andijonda paypoq ichidan 64 ming dollar chiqdi

Andijonda fuqaro Qirg‘izistonga chiqib ketish vaqtida 64 ming AQSh dollarini paypoq qismiga yashirib, bojxona nazoratidan olib o‘tishga uringan. Valyuta deklaratsiyada ko‘rsatilmagan. Bu haqda Andijon viloyati Bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Fuqaro «Do‘stlik» chegara bojxona postining «Chiqish piyoda» yo‘nalishidagi yashil yo‘lak orqali O‘zbekistondan Qirg‘izistonga chiqib ketayotgan bo‘lgan.
2,5 ming yevro: Germaniyada 200 ta ish o‘rni taklif qilindi

Migratsiya agentligi va RRG AG tashkiloti O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyada qurilish sohasida ishlashga taklif qilmoqda. Dastur doirasida 200 ta ish o‘rni ajratilgan.
Nomzodlar haftasiga besh kun, jami 40 soat ishlaydi. Mehnat shartnomasi muddatsiz tuziladi va dastlabki olti oy sinov muddati hisoblanadi.
Ikki yoshli qizaloq 250 dan ortiq magnit sharchani yutib yubordi

Moskvada ikki yoshli qizaloq bir vaqtning o‘zida 250 dan ortiq magnit sharik yutib yubordi. Shifokorlar magnitlarni endoskopik usulda olib tashlab, bolaning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda Morozov bolalar kasalxonasi xabar berdi.
Ota-onasi qizini Moskvadagi Morozov bolalar shifoxonasiga kuchli yo‘tal sabab olib kelgan. Rentgen tekshiruvida bolaning oshqozonida juda ko‘p begona jismlar borligi aniqlangan. Keyingi tekshiruvda ular 250 dan ortiq magnit sharik ekani ma’lum bo‘lgan.
Mirziyoyev Pashinyan bilan hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Avazada Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. Muzokaralarda O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv Prezident Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari 8-oktabr kuni Avazada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari 2026 – 2027-yillarda suv olish limitini kelishib oldi

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston 2026 – 2027-yillardagi vegetatsiyalararo davr uchun suv olish limitlari va suv omborlarining ishlash rejimlarini kelishib oldi. Bu haqda Qozog‘iston suv resurslari vazirligi xabar berdi.
Kelishuv Turkmanboshi shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining 95-yig‘ilishida erishildi.
Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin

AQSH prezidentining global hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli prezident Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurishni istayotganini aytdi.
U bu haqda O‘zbekistonga tashrifi davomida «O‘zbekiston 24» telekanalining «Tahlilnoma» dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Nodirbek Abdusattorov kimga unashtirildi — tafsilotlar

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov unashtirildi. Bu haqda «Uzchess» loyihasi xabar bermoqda. Uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Sevinch Mavlonova ekani ma’lum bo‘ldi.
ChessBase India ma’lumotiga ko‘ra, unashtiruv 4-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan. Bu Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritganidan bir hafta o‘tib yuz berdi.
«Manchester Siti» quyi ligaga tushirilishi kerak — Jessi Marsh

Kanada terma jamoasi bosh murabbiyi va «Lids»ning sobiq ustozi Jessi Marsh «Manchester Siti» klubiga moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha keskin jazo berilishi kerakligini bildirdi. Bu haqda u The Guardian nashriga bergan intervyusida gapirdi.
Marshning fikricha, klubga nisbatan jiddiy sanksiyalar qo‘llanishi, hatto uni quyi ligaga tushirish ham kerak.
Krishtianu Ronaldu va Messi bir jamoada birga o‘ynashi mumkin

Sobiq argentinalik futbolchi Karlos Teves 2026-yil oxirida Buenos-Ayresdagi La Bombonera stadionida xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. MARCA’ning Infobae’ga tayanib yozishicha, o‘yinda Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu bir jamoa safida maydonga tushishi mumkin.
Uchrashuv 20-dekabrga rejalashtirilayotgani aytilmoqda. Teves bu tashabbusni amalga oshirish uchun «Boka Xuniors» prezidenti Xuan Roman Rikelmening roziligini olgani haqida ham xabar berilgan.
Afg‘onistonda 52 ayol kiyim sababli hibsga olingan — BMT

Afg‘onistonda 2026-yil iyul – sentabr oylarida kamida 52 ayol va bir qiz kiyinish qoidalarini buzganlik hamda erkak hamrohsiz jamoat joyiga chiqqanlikda ayblanib hibsga olingan yoki vaqtincha ushlab turilgan. Bu haqda BMTning Afg‘onistondagi ko‘mak missiyasi – UNAMA ma’lum qildi.
UNAMA ma’lumotiga ko‘ra, ayollar chador kiymagani, sochi ko‘rinib turgani, rangli ro‘mol yoki pardozdan foydalangani, shuningdek, mahramsiz – erkak hamrohsiz jamoat joyiga chiqqani uchun ushlangan.