Yandex servislaridagi nosozlik O‘zbekistonda ham kuzatildi

eʼlon qilindi
11-oktabr tongida Yandex Cloud’dagi muammo bir qator servislar ishiga ta’sir qildi. O‘zbekistonda xizmatlar keyinroq tiklandi
Yandex servislaridagi nosozlik O‘zbekistonda ham kuzatildi
Foto: depositphotos

11-oktabr kuni Yandex servislarida keng ko‘lamli nosozlik kuzatildi. Muammo Yandex Cloud infratuzilmasidagi uzilishlar fonida yuzaga kelgan. O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa ayrim mamlakatlardagi foydalanuvchilar ham vaqtincha servislar ishlamayotganidan shikoyat qilgan.

«Dron hujumi natijasida Yandex’ning Vladimirdagi data-markazi infratuzilmasi zarar ko‘rdi. Data-markaz faoliyati to‘liq to‘xtatildi. Jabrlanganlar yo‘q, tegishli xizmatlar hodisa joyida uning oqibatlarini bartaraf etish ustida ishlamoqda. Qolgan resurslar konfiguratsiyasi beqaror deb baholanmoqda. Platforma avariya rejimida ishlamoqda», – deyiladi Yandex Cloud’ning 11-oktabrdagi xabarida.

Bir nechta Yandex servislari ishlamay qoldi

11-oktabr tongida Yandex Go, Yandex Pay, Yandex Pro, Yandex Music va boshqa servislar ishida uzilishlar qayd etilgan. Ayrim hududlarda foydalanuvchilar ilovalarga kira olmagan yoki xizmatlardan foydalanishda xatolarga duch kelgan. Muammo faqat Rossiya bilan cheklanmagan. Ayrim xabarlarda servislar Qozog‘iston, Belarus, Armaniston va boshqa davlatlarda ham vaqtincha ishlamagani qayd etilgan.

O‘zbekistonda servislar tiklandi

Kursiv Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ham Yandex servislarida qisqa muddatli nosozlik kuzatilgan. Soat 10:30 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda servislar qayta ishlay boshlagan. Shu bilan birga, ayrim foydalanuvchilarda alohida xizmatlar bo‘yicha qisqa muddatli uzilishlar saqlanib qolishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Go’da kar va zaif eshituvchi haydovchilar 850 mingta safarni amalga oshirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek