Buxoro shahar sudi raisi xonasidan $40 ming topildi — advokat pora berishda gumon qilinmoqda

eʼlon qilindi
Buxoro shahar sudi raisining xizmat xonasi yaqinidan $40 ming, advokat yonidan esa $10 ming topilgani yuzasidan tergov va xizmat tekshiruvi olib borilmoqda

Buxoro shahar sudi raisining xizmat xonasiga kirish qismidagi shkafdan $40 ming, u yerda bo‘lgan advokat yonidan esa yana $10 ming topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Sudyalar oliy kengashi hozircha sudya pul so‘ragani yoki olganini tasdiqlovchi dalillar aniqlanmaganini bildirdi.

Sudyaga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda

Sudyalar oliy kengashining rasmiy munosabatiga ko‘ra, holat yuzasidan advokatga nisbatan tergov harakatlari, sudyaga nisbatan esa xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

«Ayni paytga qadar xizmat tekshiruvi va tergov jarayonida sudyaning advokatdan pul so‘ragani yoki olganini tasdiqlovchi biror-bir dalil aniqlanmagan», – deyiladi kengash xabarida.

Kengashning aniqlik kiritishicha, pul mablag‘lari advokatning yonidan hamda sudyaning xizmat xonasiga kirish qismidagi shkafning ochiq, barcha ko‘rib turishi mumkin bo‘lgan o‘rta qismidan rasmiylashtirib olingan.

Avvalroq huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov advokat yonidan $10 ming, shkafdan esa $40 ming topilgani haqida ma’lum qilgan edi. Uning yozishicha, dastlab advokat va sudya ushlangan, keyinchalik esa sudya qo‘yib yuborilib, ishiga qaytgan. Sudyalar oliy kengashi rasmiy munosabatida bu tafsilotlar alohida tasdiqlanmagan.

Advokatga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha tergov ketmoqda

Tashanov keyinchalik Buxoro viloyati prokuraturasining 2026-yil 7-oktabrdagi qarorini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, advokat Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi – juda ko‘p miqdorda firibgarlik hamda 211-moddasi 3-qismi «a» bandi – juda ko‘p miqdorda pora berish bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan.

Sudyalar oliy kengashi xizmat tekshiruvi va tergov harakatlari davom etayotganini, ularning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qildi. Shuningdek, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik va aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilgan holda shoshilinch xulosa chiqarmaslik so‘raldi.

Avvalroq «Kursiv» Qashqadaryoda maktab direktori fuqaroni maktabga ingliz tili o‘qituvchisi sifatida ishga kiritish evaziga pul olganlikda gumonlanayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek