«Manchester Siti»ning Husanov bo‘yicha qarori, Yangi Toshkent bo‘yicha rejalar — 12-oktabrda e’lon qilingan yangiliklar

«Manchester Siti»ning Husanov bo‘yicha qarori, Yangi Toshkent bo‘yicha rejalar — 12-oktabrda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Mirziyoyev investorlar uchun «O‘Z» falsafasini ilgari surdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishi bo‘yicha investor va tadbirkorlar bilan muloqotda sarmoyadorlarni «xorijlik» va «mahalliy» deb ajratish masalasiga munosabat bildirdi.
«Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q!» — dedi davlat rahbari.
Prezident O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi g‘oya — «O‘Z» falsafasini ilgari surdi. U «O‘zbekiston, O‘zgarish, O‘zlik va Mas’uliyat» tushunchalarini anglatadi.
«Eng ishongan kadrimni olib keldim» — prezident Turdimov haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlangan Erkinjon Turdimov haqida gapirib, uni o‘zining eng ishongan kadrlaridan biri deb atadi. Davlat rahbari ta’lim tizimida son ortgani, biroq sifat masalasi jiddiy tashvish uyg‘otayotganini ta’kidladi. Turdimov 9-oktabr kuni Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlangandi.
Ronaldu jamoasi bugun «Neftchi»ga qarshi o‘ynaydi

Krishtianu Ronaldu to‘p suradigan Saudiya Arabistonining «Al-Nassr» klubi 12-oktabr kuni O‘zbekistonning «Neftchi» jamoasiga qarshi maydonga tushadi. OFK Chempionlar Ligasi Elit bosqichidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da boshlanadi.
Qor va yomg‘ir: o‘zbekistonliklarni hafta davomida qanday ob-havo kutmoqda

12–18-oktabr kunlari O‘zbekistonda hafta boshida yomg‘irli ob-havo kuzatiladi, keyinchalik esa aksariyat hududlarda yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Bu haqda O‘zgidromet prognozida ma’lum qilindi.
12-oktabr kuni Buxoro, Navoiy, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining ayrim joylarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
QQS to‘lovchilardan budjetga 10,8 trln so‘m tushdi

2026-yil sentabr oyida «korxonabay» ishlash tizimi doirasida QQS to‘lovchi tashkilotlar faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlarida o‘sish qayd etildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Tizim doirasida har bir QQS to‘lovchi tashkilotga soliq inspektori biriktirilgan. Shuningdek, soliq organlari ma’lumotlar bazasidagi ma’lumotlarni monitoring va tahlil qilish uchun avtomatlashtirilgan tizim yaratilgan.
Yangi Toshkentda xorijlik investorlar uchun 50 ta lot ajratildi

Yangi Toshkent loyihalariga xorijiy investorlarni jalb qilish uchun dastlabki 50 ta lot belgilandi. Ularning joylashuvi, iqtisodiy hisob-kitoblari, loyiha imkoniyatlari va mavjud yengilliklarni o‘z ichiga olgan tayyor takliflar xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga yetkaziladi.
Noqonuniy tamaki savdosida minglab qutilar musodara qilindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq bir qator holatlar fosh etildi.
Nodirbek Abdusattorov Javohir Sindarov haqida nima dedi

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov hamyurti Javohir Sindarovni shaxmat tarixidagi eng iste’dodli besh shaxmatchidan biri deb hisoblashini aytdi.
Abdusattorovning ta’kidlashicha, Sindarov uzoq vaqt davomida o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon eta olmagan bo‘lsa-da, uning salohiyati juda yuqori.
O‘zbekistonda suv ta’minotini yaxshilash uchun 38 trln so‘m yo‘naltiriladi

O‘zbekistonda 2030-yilgacha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlarini rivojlantirish uchun qariyb 38 trln so‘m talab etilishi mumkin. Yangi strategiya markazlashgan ichimlik suvi qamrovini 90 foizga, oqova suv xizmatlarini esa 28 foizga yetkazishni ko‘zda tutmoqda.
2026-yil 12-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan tarmoqlararo ishchi guruhning yettinchi yig‘ilishida 2030-yilgacha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlarini takomillashtirish strategiyasi loyihasi taqdim etildi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.