Noqonuniy tamaki savdosida minglab qutilar musodara qilindi

eʼlon qilindi
Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlarida hujjatsiz hamda aksiz markasiz tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlandi
Noqonuniy tamaki savdosida minglab qutilar musodara qilindi
Foto: Departament

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq bir qator holatlar fosh etildi.

Quvada 328,5 mln so‘mlik mahsulot aniqlandi

Quva tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Markaziy dehqon bozori» hududidagi savdo do‘konida umumiy qiymati 328,5 mln so‘mlik 99 turdagi 12 575 quti tamaki mahsulotlari savdoga qo‘yilgani aniqlandi.

Mahsulotlarning tegishli hujjatlari bo‘lmagan va ular aksiz markasi bilan ham ta’minlanmagan. Tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Qo‘qonda 14 mingdan ortiq quti tamaki topildi

Qo‘qon shahrida noqonuniy tamaki savdosi bilan shug‘ullangan shaxs boshqaruvidagi Chevrolet Onix avtomobili ko‘zdan kechirilganda, salon va yukxonasidan xorijda ishlab chiqarilgan 36 turdagi 3 471 quti hujjatsiz va aksiz markasiz tamaki mahsulotlari topildi.

Holat yuzasidan tadbirlar davom ettirilib, Qo‘qon shahridagi xonadonlardan birida umumiy qiymati 272,9 mln so‘mlik 34 turdagi 10 960 quti tamaki mahsulotlari sotish maqsadida saqlanayotgani aniqlandi.

Ushbu mahsulotlar ham ashyoviy dalil sifatida olindi.

Marg‘ilonda 209,7 mln so‘mlik tamaki musodara qilindi

Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda MChJga qarashli savdo do‘konida umumiy qiymati 209,7 mln so‘mlik 63 turdagi 8 520 quti hujjatsiz va aksiz markasiz tamaki mahsulotlari savdoga qo‘yilgani aniqlandi.

Mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Chustda tamaki mahsulotlari chegaradan olib o‘tilgan

Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir guruh shaxslar Chust tumanidagi «Qoraqo‘rg‘on» mahallasi hududida Qirg‘iziston–O‘zbekiston davlat chegarasi orqali xorijda ishlab chiqarilgan 2 turdagi 5 500 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirayotgani aniqlangan.

Ular ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bekobodda vagondan 4 980 quti tamaki topildi

Bekobod shahridagi «Bekobod» temir yo‘l chegara bojxona postida «Xo‘jand–Volgograd» xalqaro yo‘lovchi poyezdi vagonlaridan biri ko‘zdan kechirilganda 2 turdagi 4 980 quti tamaki mahsulotlari topildi.

Mazkur mahsulotlar ham ashyoviy dalil sifatida olindi.

Ohangaronda tamaki $13,5 mingga sotilayotgan paytda ushlandi

Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy tamaki savdosi bilan shug‘ullangan shaxs 4 266 quti tamaki mahsulotini boshqa fuqaroga $13,5 mingga sotayotgan vaqtida ushlangan.

Tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi. Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek