Odilxon qori sud zalida ozod qilindi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Unga 3 oylik muddat berilgan
Foto: YouTube

Toshkentdagi bir nechta masjidda imomlik qilgan Odilxon qori Ismoilov sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Bu haqda Namangan viloyati sudlari axborot xizmati ma’lum qildi.

Jinoyat ishi Namangan viloyati sudining apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqilgan. Sud ajrimida Ismoilovga tayinlangan jazoning bir qismi shartli deb hisoblanib, unga uch yillik sinov muddati belgilangan.

Zararning qoplanishi jazoga ta’sir qildi

Odilxon Ismoilov va yana olti nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani sudida ko‘rib chiqilgan. 13-iyuldagi hukm bilan Ismoilov sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Jinoyat kodeksining 62-moddasi bo‘yicha qamoqda o‘tkazilgan vaqt hisobga olinib, jazoning yakuniy muddati yetti yil 11 oy 28 kun etib belgilangan.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi hamda hujjatlar bilan bog‘liq jinoyatlarga oid moddalari bo‘yicha aybli deb topilgan.

Viloyat sudlari axborot xizmatining xabariga ko‘ra, ish doirasida yetkazilgan zararning bir qismi naqd pul shaklida depozit hisob raqamiga o‘tkazilgan. Shuningdek, Ismoilovga tegishli mulkni bank balansiga qabul qilish, xatlangan mol-mulkni sotish va tushgan mablag‘larni zararni qoplashga yo‘naltirish belgilangan.

Apellyatsiya instansiyasi ushbu va boshqa holatlarni hisobga olib, Ismoilovga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bo‘yicha tayinlangan jazoni o‘zgarishsiz qoldirgan. Boshqa jazo esa Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli deb hisoblanib, uch yillik sinov muddati belgilangan.

Odilxon qori Ismoilov nima uchun qamalgan edi

Odilxon Yunusxon o‘g‘li Ismoilov 1977-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. U turli yillarda Toshkentdagi «Hazrati Umar», «Shayx Zayniddin» (Ko‘kcha), «Firdavs» va «Xo‘ja Alambardor» (Kamolon) masjidlarida imom-xatib bo‘lib ishlagan. Shuningdek, «Vaqf» xayriya jamoat fondi rahbari o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

U 2026-yil yanvarida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, soxta tadbirkorlik va boshqa ayblovlar bilan qamoqqa olingan edi. Ish bo‘yicha dastlabki sud hukmi 13-iyul kuni chiqarilgan.

Avvalroq Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida Sanjar Karimovga («Real Sanjik») oid jinoyat ishi yuzasidan sud jarayoni yakuniga yetgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek