«Eng ishongan kadrimni olib keldim» — prezident Turdimov haqida

eʼlon qilindi
Turdimov 9-oktabr kuni Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlangandi
«Eng ishongan kadrimni olib keldim» — prezident Turdimov haqida
Foto: Erkinjon Turdimov Telegram sahifasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlangan Erkinjon Turdimov haqida gapirib, uni o‘zining eng ishongan kadrlaridan biri deb atadi. Davlat rahbari ta’lim tizimida son ortgani, biroq sifat masalasi jiddiy tashvish uyg‘otayotganini ta’kidladi. Turdimov 9-oktabr kuni Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlangandi.

«Eng ishongan kadrimni ta’lim vaziri qildim»

Prezident ta’lim tizimida sifatni oshirish masalasiga endi boshqacha yondashilishini bildirdi.

«O‘zlaring ko‘rdinglaring, men ta’lim vazirini o‘zgartirdim. Eng ishongan kadrimni olib kelib, ta’lim vaziri qildim», — dedi Mirziyoyev.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda ta’lim tizimida miqdoriy ko‘rsatkichlar oshganiga qaramay, sifat masalasi dolzarbligicha qolayotganini qayd etdi.

«Son ko‘payib ketdi, sifat kamayib ketdi. Bu meni juda tashvishga soladi», — dedi prezident.

Turdimovning tajribasiga urg‘u berildi

Mirziyoyev Erkinjon Turdimovning hududlarni boshqarishdagi ko‘p yillik tajribasini alohida qayd etdi.

«To‘rtta viloyat hokimi bo‘lgan odamni ta’limga olib kelganim tagida juda katta ma’no borki, endi bu narsalarga prezident mutlaqo boshqacha qaraydi», — dedi davlat rahbari.

Erkinjon Turdimov yangi lavozimga tayinlanishidan oldin Sirdaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritgan. U ilgari Samarqand, Surxondaryo va Navoiy viloyatlariga ham rahbarlik qilgan.

Ta’lim tizimi yagona vazirlikka birlashtirildi

3-oktabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgan edi. Yangi tuzilma maktabgacha ta’limdan oliy ta’lim va ilm-fangacha bo‘lgan tizimni yagona boshqaruv ostida birlashtiradi.

Shuningdek