QQS to‘lovchilardan budjetga 10,8 trln so‘m tushdi

2026-yil sentabr oyida «korxonabay» ishlash tizimi doirasida QQS to‘lovchi tashkilotlar faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlarida o‘sish qayd etildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Tizim doirasida har bir QQS to‘lovchi tashkilotga soliq inspektori biriktirilgan. Shuningdek, soliq organlari ma’lumotlar bazasidagi ma’lumotlarni monitoring va tahlil qilish uchun avtomatlashtirilgan tizim yaratilgan.
Budjet tushumlari 42,9% ga oshdi
Sentabr oyida budjetga 10,8 trln so‘m soliq tushumlari ta’minlandi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 42,9% ga ko‘p. Ushbu hisob-kitobga soliqsiz va budjet tashkilotlarining tushumlari kiritilmagan.
Bir oyda 1 mln so‘m va undan ortiq QQS to‘lagan soliq to‘lovchilar soni 82,4 mingtaga yetib, 98,1% ga oshgan.

Ish haqi fondi oshgan korxonalar soni ko‘paydi
Ish haqi fondi oshgan soliq to‘lovchilar soni 96,8 mingtani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 72,6% ga oshgan.
Xodimlar soni oshgan soliq to‘lovchilar soni esa 2,8 mln tani tashkil etib, 50,7% lik o‘sish qayd etilgan.
Barqarorlik reytingi yaxshilangan
Barqarorlik reytingi BB dan yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilar soni 51,2 mingtaga yetdi. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 29,7% ga ko‘p.
Rentabellik darajasi 1% dan yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilar soni 95 mingtani tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 12% ga oshgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Soliq qo‘mitasiga 35 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani haqida yozgan edi.