Yangi Toshkentda «Swiss challenge» tizimi joriy etiladi

Yangi Toshkentda ochiq tashabbus va «Swiss challenge» tamoyili asosida yer ajratish amaliyoti joriy etiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat rahbarining aytishicha, agar investor tomonidan taklif etilgan o‘ziga xos loyiha shahar manfaatiga xizmat qilsa, lot maydoni yoki obyekt turini o‘zgartirish bo‘yicha tashabbus qo‘llab-quvvatlanishi lozim.
Investor takliflarini ko‘rib chiqish soddalashtiriladi
Prezident bunday o‘zgartirishlar uchun huquqiy imkoniyat mavjudligini, biroq amaldagi tartib murakkab va yetarlicha shaffof emasligini qayd etdi.
Ayrim takliflar bo‘yicha qaror qabul qilish bir necha oyga cho‘zilayotgani ham tanqid qilindi.
Shu sababli investorlarning takliflarini tezkor va aniq mezonlar asosida ko‘rib chiqish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Tayyor loyihalar soni ko‘paytiriladi
«Sankt-Peterburg» mavzesiga tadbirkorlarning qiziqishi yuqori ekani qayd etildi. Bunga hududning konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsatlari oldindan tayyorlab qo‘yilgani sabab bo‘lmoqda.
Yangi Toshkent direksiyasiga investorlar uchun shunday tayyor loyihalar sonini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Yirik tijorat obyektlari qurilishi kerak
Prezident Yangi Toshkentning «tashrif qog‘ozi»ga aylanadigan yirik tijorat obyektlari ham zarurligini ta’kidladi. Hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan atigi uchta loyihaning qiymati $100 mln dan oshadi.
Shu bois shaharga yirik xususiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yangi mexanizmlardan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Infratuzilma to‘lovlari kamaytiriladi
Yangi Toshkentda xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlar qurilishini rag‘batlantirish uchun infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqiladi. Savdo, servis va biznes markazlari uchun bazaviy stavka 3 barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun 5 barobar, madaniy hamda ko‘ngilochar maskanlar uchun 10 barobar kamaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun esa to‘lov 1 foiz etib belgilanadi.
Yangi tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi. Shuningdek, dunyoning yetakchi arxitektorlari ishlab chiqqan o‘ziga xos loyihalar uchun tezkor tartib joriy qilinib, loyihalash, qurilish va obyektni foydalanishga qabul qilish jarayonlari jadallashtiriladi. Bir xil ma’lumotlarni takroran talab qilish amaliyotiga ham chek qo‘yiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Toshkentga hozirga qadar $2 mlrddan ortiq investitsiya kiritilgani haqida yozgandi.