Google va Meta AI yordamida dorilar yaratishga sarmoya kiritadi

AQSh hukumati, Google va Meta biologik tadqiqotlar uchun sun’iy intellekt modellarini o‘qitishga mo‘ljallangan yirik ma’lumotlar bazasini yaratish loyihasiga qo‘shildi. Tashabbusga jami $1,8 mlrd yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Sun’iy intellekt dori yaratish jarayonini tezlashtirishi mumkin

Loyiha «Virtual Biology Initiative» deb nomlanadi va Meta rahbari Mark Sukerberg hamda uning rafiqasi, shifokor Prissilla Chan tomonidan tashkil etilgan Biohub notijorat tashkiloti tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Tashabbusning asosiy maqsadi hujayralarning turli sharoitlardagi reaksiyasi haqida katta hajmdagi ma’lumotlarni to‘plash va ular asosida biologik jarayonlarni oldindan bashorat qila oladigan AI modellarini yaratishdir. Biohub bu texnologiyalar yangi dori vositalarini ishlab chiqish uchun hozir yillar talab qiladigan jarayonlarni sezilarli tezlashtirishi mumkinligini kutmoqda.
«Biologiya tilini, hujayra tilini tushunishimiz kerak. Hozir bunday ma’lumotlar yetarli emas. Mavjud ma’lumotlar bazalari yuz millionlab hujayralarni qamrab oladi. Ishonchli bashorat qiluvchi modellar yaratish uchun esa milliardlab, keyinchalik trillionlab hujayralar haqidagi ma’lumotlar kerak bo‘lishi mumkin», – dedi Biohub ilmiy yo‘nalishi rahbari Aleks Rivs.
Google va Meta loyihaga $300 mln kiritadi
Meta, Google DeepMind va Isomorphic Labs loyiha uchun birgalikda $300 mln ajratadi. AQSh hukumati va Biohub mablag‘lari, shuningdek, avval yaratilgan ilmiy ma’lumotlar va hisoblash resurslari bilan birga tashabbusning umumiy qiymati $1,8 mlrdga yetadi.
Loyihaning ilk natijalarini bir yildan keyin ko‘rish mumkin
Biohub biologik ma’lumotlarni yig‘ish jarayonini keskin tezlashtirmoqchi. Odatda o‘nlab yillar talab qiladigan ishlarni besh yil ichida bajarish rejalashtirilgan. Dastlabki ma’lumotlar bazasi esa taxminan bir yilda tayyor bo‘lishi kutilmoqda.
Keyingi bosqichda shu ma’lumotlar asosida kasalliklar va hujayralardagi o‘zgarishlarni oldindan yaxshiroq bashorat qila oladigan AI modellari yaratiladi. Ular yangi dorilarni izlash va sinovdan o‘tkazish jarayonini tezlashtirishga yordam berishi mumkin. Yig‘ilgan ma’lumotlar keyinchalik olimlar uchun ochiq bo‘ladi. Biroq xususiy kompaniyalar o‘z mablag‘i hisobidan yaratilgan ma’lumotlardan ommaga e’lon qilinishidan oldin ma’lum muddat foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Bu yo‘nalishga boshqa AI kompaniyalari ham kirib kelmoqda. Anthropic biologik tadqiqotlar uchun laboratoriya ochgan, OpenAI Foundation esa biologiya va tibbiyot uchun AI ma’lumotlarini yaratishga $125 mln dan ortiq grant ajratgan.
Avvalroq «Kursiv» Google Finlyandiyada sun’iy intellekt infratuzilmasini kengaytirish uchun 13 mlrd yevro ($15,1 mlrd) sarmoya kiritishi haqida yozgan edi.