Chiqindi tashlash bilan bog‘liq 524 ta qoidabuzarlik aniqlandi

Sentabr va oktabr oylarida O‘zbekiston bo‘ylab chiqindi bilan bog‘liq 524 ta qoidabuzarlik holati aniqlandi. Ulardan 83 tasi bo‘yicha jarima qo‘llanilgan, 441 ta holat esa ko‘rib chiqilmoqda.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi qoshidagi Kuzatuv kameralaridan foydalanish va nazorat qilish bo‘limi hududlarda o‘rnatilgan onlayn kameralar orqali nazorat olib bormoqda. Ular yordamida, asosan, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlanmoqda.
83 ta holat bo‘yicha jarima qo‘llanildi
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, sentabr va oktabr oylarida jami 524 ta qoidabuzarlik qayd etilgan.
Shundan 83 ta holat bo‘yicha jarima choralari qo‘llanilgan. Yana 441 ta holat yuzasidan tegishli jarayonlar davom etmoqda.
Hozirda respublikaning deyarli barcha hududlarida 700 dan ortiq onlayn kuzatuv kamerasi faoliyat yuritmoqda.
Ular nafaqat chiqindilarni noqonuniy tashlash, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklarni ham aniqlash va tegishli choralar ko‘rish uchun ishlatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda chiqindidan elektr ishlab chiqaradigan 11 ta zavod ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. Loyihalarning umumiy qiymati $1,558 mlrdni tashkil etadi.