Farg‘onada guvohnomasiz BMW haydagan o‘smir YTHda halok bo‘ldi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
U avval ham guvohnomasiz mashina haydagan
Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati

Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan BMW haydovchisi yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, u avval ham guvohnomasiz avtomobil boshqargani uchun ogohlantirilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

BMW bir necha to‘siqqa urilib, ag‘darilgan

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, haydovchi Furqat tumanidagi keskin burilishda tezlikni oshirishi oqibatida avtomobil boshqaruvini yo‘qotgan. BMW dastlab yo‘l chetidagi ogohlantiruvchi ustunga, keyin beton to‘siqqa va daraxtga urilgan.

Mashina tezligi 100 km/soatdan oshgan

Hodisa vaqtida avtomobilda bo‘lgan yo‘lovchining aytishicha, ular Beshariq tumanidan Qo‘qon shahri tomon harakatlanayotgan bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil tezligi soatiga 100 kilometrdan oshgan.

Yo‘lovchi oldindagi transport vositasini quvib o‘tishga urinish vaqtida BMW beton to‘siqqa urilganini aytgan. To‘qnashuvdan keyin u old oynadan otilib ketgan, avtomobil esa ag‘darilgan.

«Ko‘zimni ochib yumdim, xolos. O‘sha tushgan vaqtimdan o‘rnimdan turib qarasam, hamma joy chang bo‘lgandi», – degan yo‘lovchi.

Uning aytishicha, haydovchining yoniga borib, tomir urishini tekshirganida puls sezmagan. YTH oqibatida BMW haydovchisi halok bo‘lgan.

Haydovchi avval ham guvohnomasiz mashina boshqargan

YHXX ma’lumotiga ko‘ra, haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yigit avval ham avtomobil boshqarmaslik haqida ogohlantirilgan. Shuningdek, yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan.

Avvalroq Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida Cobalt va elektroskuter ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va oqibatda elektroskuterdagi ikki yo‘lovchi vafot etgandi.

Shuningdek