Isitish va issiq suv tariflari 30 foizga oshiriladi

O‘zbekistonda markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari tariflarini 2026-yil 1-noyabrdan oshirish taklif qilinmoqda. Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Toshkent shahrida isitish va hisoblagich bo‘yicha issiq suv tariflari qariyb 30 foizga qimmatlashadi.
Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahrida «Veolia Energy Tashkent» xizmat ko‘rsatadigan hududlarda isitish tarifi 1 kvadrat metr uchun bir sutkada 314 so‘m etib belgilanmoqda. Hozirgi tarif 241,44 so‘mni tashkil qiladi. Shunday qilib, yangi narx qariyb 30 foizga yuqori bo‘ladi.
Masalan, 60 kvadrat metrli xonadon uchun isitish to‘lovi 30 kunlik oyda yangi tarif bo‘yicha 565,2 ming so‘mni tashkil qilishi mumkin. Bu hisob-kitob isitish xizmati to‘liq 30 kun davomida ko‘rsatilgan holat uchun.
Hisoblagich o‘rnatilgan xonadonlarda bir kub metr issiq suv narxini 8 928,67 so‘mdan 11 607 so‘mgacha oshirish taklif qilinmoqda. Bu ham qariyb 30 foizlik o‘sish degani.
Hisoblagichsiz issiq suv esa arzonlashishi mumkin
Toshkentda hisoblagichsiz issiq suvdan foydalanuvchilar uchun tarif boshqa yo‘nalishda o‘zgarishi mumkin. Hozir bir kishi uchun bir oylik to‘lov 52 303,39 so‘mni tashkil etsa, loyihada u 45 330 so‘m etib belgilangan. Bu qariyb 13 foizga pasayish degani.
Iqtisodchi Otabek Bakirov bunga hisoblagichsiz iste’mol uchun qo‘llanayotgan 1,5 koeffitsiyentning bekor qilinishi sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
«Qiziq tarafi, hisoblagichsiz issiq suv tarifi jon boshiga bir oyga 52 303,39 so‘mdan 45 330 so‘mgacha arzonlaydi», – deb yozdi Bakirov.
Loyiha izohida Toshkentdagi umumiy yotoqxonalarda yashovchilar uchun markazlashgan issiq suv ta’minoti bir kishi hisobiga oyiga 33 720 so‘m bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Hududlarda tariflar bir-biridan keskin farq qiladi
| Hudud / korxona | Issiqlik energiyasi, 1 Gkal | Isitish, 1 m² / kun | Issiq suv, hisoblagichsiz 1 kishi / oy | Issiq suv, hisoblagich bilan 1 m³ |
|---|---|---|---|---|
| Qoraqalpog‘iston — «Kommunal issiqlik ta’minoti» MChJ | 261 697 | 370 | 56 422 | 14 707 |
| Qoraqalpog‘iston — «Taxiatosh issiqlik tarmoqlari» MChJ | 261 697 | 368 | 58 228 | 14 417 |
| Andijon viloyati | 163 094 | 103 | 31 151 | 9 753 |
| Buxoro viloyati — «Issiqlik ta’minoti» MChJ | 112 753 | 214 | 24 084 | 6 269 |
| Buxoro — «Buxoroenergomarkaz» AJ | 112 753 | 214 | 24 084 | 6 269 |
| Jizzax viloyati | 116 497 | 236 | 26 937 | 7 107 |
| Qashqadaryo viloyati | 136 301 | 211 | 25 374 | 8 458 |
| Navoiy shahri | 141 960 | 141 | 29 386 | 7 808 |
| Zarafshon shahri | 378 560 | 418 | 78 364 | 20 823 |
| Uchquduq shahri | 416 416 | 455 | 86 198 | 22 903 |
| Konimex tumani | 274 456 | 250 | 47 481 | 15 095 |
| Namangan viloyati | 156 198 | 300 | 32 692 | 8 591 |
| Davlatobod tumani | 156 198 | 300 | 32 692 | 8 591 |
| Samarqand shahri | 170 084 | 279 | 37 590 | 9 356 |
| Nurobod shahri | 477 539 | 585 | 102 200 | 26 270 |
| Surxondaryo viloyati | 330 994 | 602 | 39 719 | 6 997 |
| Sirdaryo viloyati | 93 470 | 259 | 7 851 | 5 608 |
| Toshkent viloyati | 133 654 | 268 | 28 709 | 7 351 |
| Angren shahri | 133 718 | 244 | 28 535 | 8 692 |
| Chirchiq shahri | 144 861 | 245 | 29 537 | 7 967 |
| Olmaliq shahri | 144 040 | 202 | 29 982 | 7 928 |
| Farg‘ona viloyati | 187 886 | 361 | 43 214 | 10 523 |
| «Qirguli issiqlik manbai» MChJ | 218 083 | 304 | 51 250 | 12 212 |
| Xorazm viloyati | 186 394 | 300 | 66 095 | 12 962 |
| Toshkent shahri — «Veolia Energy Tashkent» | 203 636 | 314 | 45 330 | 11 607 |
Taklif etilayotgan tariflar hudud va xizmat ko‘rsatuvchi korxonaga qarab turlicha.
Masalan, isitish uchun bir kvadrat metrga bir kunlik tarif Andijon viloyatida 103 so‘m, Toshkent shahrida 314 so‘m, Samarqand viloyatining Nurobod shahrida 585 so‘m, Surxondaryo viloyatida esa 602 so‘m etib taklif qilingan.
Issiq suv tariflarida ham katta farq bor. Hisoblagich mavjud bo‘lganda bir kub metr issiq suv Buxoro viloyatida 6 269 so‘m, Toshkent shahrida 11 607 so‘m, Nurobodda esa 26 270 so‘mgacha yetadi.
Jamoatchilik muhokamasida ham ayrim foydalanuvchilar hududlar o‘rtasidagi bunday farqning iqtisodiy asoslarini ochiqlashni so‘ragan. Izohlardan birida tariflar farqi ishlab chiqarish xarajatlari, yonilg‘i sarfi, tarmoqlarning holati va issiqlik yo‘qotishlari bilan izohlanishi mumkinligi, biroq loyihada hududlar bo‘yicha batafsil tannarx hisob-kitoblari keltirilmagani qayd etilgan.
2028-yildan tariflar har yili indeksatsiya qilinishi mumkin
Qaror loyihasida uzoq muddatli tarif siyosati ham belgilangan. 2028-yildan boshlab markazlashgan issiqlik ta’minoti tariflarini har yili 1-maydan bir marta inflyatsiya darajasidan kelib chiqib indeksatsiya qilish taklif etilmoqda. Bunda yillik oshirish miqdori 10 foizdan yuqori bo‘lmasligi kerak.
Bu Qishloq va uy-joy kommunal xo‘jaligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklarining takliflari asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Bakirov ham aynan shu bandga e’tibor qaratib, loyiha qabul qilinsa, tariflarni muntazam indeksatsiya qilish mexanizmi paydo bo‘lishini qayd etdi.
Issiqlik tannarxini 15 foizgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda
Tariflarni oshirish bilan birga, sohadagi xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha ham vazifalar qo‘yilmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Energiya samaradorligi milliy agentligi, Energetika vazirligi va «Issiqlikta’minoti» AJ bir oy ichida issiqlik energiyasi tannarxini 15 foizgacha kamaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishi kerak.
2027-yil yakunigacha issiqlik ta’minoti tizimlarini to‘liq texnik auditdan o‘tkazish va ularni modernizatsiya qilish dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2027-yil yakuniga qadar tarmoqlardagi yo‘qotishlarni 25 foizga kamaytirish bo‘yicha KPI joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Bakirovning aytishicha, tariflar oshirilishi ortidan davlat budjetidan beriladigan subsidiyalar qancha qisqarishi loyiha matnida alohida ko‘rsatilmagan.
Aholi avval xizmat sifatini yaxshilashni so‘ramoqda
Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgach, fuqarolar tomonidan ko‘plab tanqidiy fikrlar bildirilgan.
Ayrim foydalanuvchilar issiq suv yetarli darajada issiq emasligi, uni olish uchun kranni bir necha daqiqa ochib turishga to‘g‘ri kelishi va qishda xonadonlar yaxshi isitilmasligidan shikoyat qilgan.
Izohlardan birida shunday deyiladi:
«Avval xizmatlar sifatini tegishli darajaga yetkazish kerak, so‘nggina tariflarni oshirish masalasini ko‘rish mumkin».
Yana bir fuqaro issiq suvni iliq holatga keltirish uchun uni 5 – 10 daqiqa oqizishga to‘g‘ri kelayotganini, uylar esa yetarli darajada isitilmayotganini yozgan. U tariflar 2026-yil noyabrida oshirilishi, tizimni modernizatsiya qilish dasturi esa keyinroq tayyorlanishiga e’tibor qaratgan.
Boshqa izohlarda ham tariflarning 30 foizga oshish sabablari aholiga batafsil tushuntirilishi va bu o‘sish daromadlar dinamikasi bilan solishtirilishi kerakligi aytilgan.
Hozircha ushbu tariflar kuchga kirgani yo‘q. Ular hukumat qarori loyihasida taklif qilingan bo‘lib, hujjat 28-oktabrga qadar jamoatchilik muhokamasida qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ehtiyojmand oilalar qishda qo‘llab-quvvatlanishi haqida xabar berilgandi. Xususan, Ijtimoiy reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning xarajatlarini qoplashda oilaning har bir a’zosiga qo‘llaniladigan daromad mezonini 1 million 430 ming so‘mgacha oshirish taklif qilindi. Bu orqali qo‘llab-quvvatlash qamrovi yana 166 ming oilaga kengayadi.