OpenAI xodimi yashirin tinglash qurilmasi bilan ushlandi

OpenAI San-Fransiskodagi ofislaridan birida yashirin tinglash qurilmasi topilgach, kompaniya xodimlaridan biri hibsga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda DW AQSh huquqni muhofaza qiluvchi organlari ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 35 yoshli Saudiya Arabistoni fuqarosi bo‘lgan muhandis qurilma topilganidan bir hafta o‘tib hibsga olingan. OpenAI hodisa yuzasidan FBIga xabar bergan va xodim bilan mehnat munosabatlarini to‘xtatgan.
Qurilma majlis xonasiga yashirilgan
AQSh Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, USB ko‘rinishidagi qurilma qog‘ozga o‘ralib, rahbariyat foydalanadigan majlis xonasidagi televizor ichiga yashirilgan.
Gumon qilinayotgan xodimning ushbu xonada o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda qatnashish uchun ruxsati bo‘lmaganiga qaramay, u xona yaqinida bir necha bor kuzatilgan.
Keyinchalik majlis xonasiga qo‘shimcha kamera o‘rnatilgan va unda xodim yashirilgan qurilmani tekshirayotgani aks etgani aytilmoqda.
OpenAI qurilmani o‘z modellari yordamida tekshirgan
OpenAI vakiliga ko‘ra, qurilma o‘rnatilganidan bir necha kun o‘tib aniqlangan.
«Biz qurilmaning nima ekanini va qayerdan kelganini tushunish uchun o‘z modellarimizdan foydalandik. Natijada uni bir necha kun avval aniq bir xodim o‘rnatganini aniqladik», – deya kompaniya vakili Associated Press’ga ma’lum qilgan.
OpenAI hozircha ushbu shaxs model vaznlari, dasturiy kod yoki mijozlar ma’lumotlariga noqonuniy kirgani yoki ularni tashqariga olib chiqqaniga oid belgilar yo‘qligini bildirgan.
Xodimga nisbatan ayblov e’lon qilindi
Gumon qilinayotgan shaxsga og‘zaki muloqotlarni elektron yoki mexanik qurilma orqali noqonuniy tinglashga urinish bilan bog‘liq ayblov qo‘yilgan.
Sud hujjatlarida uning yozuvlardan qanday maqsadda foydalanishni rejalashtirgani ko‘rsatilmagan.
Shu bilan birga, tergov ma’lumotiga ko‘ra, u kompaniya binolari manzillari, majlis xonalari, ularning sig‘imi va uchrashuvlar taqvimi haqida ma’lumot qidirgan. Hozirda federal tergov davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri OpenAI GPT-6.1 Astra modelini chiqarmasligi haqida yozgan edi.