Yangi elektromobillar va krossoverlar namoyish etildi — foto

eʼlon qilindi ( yangilandi)
60 dan ortiq avtomobil o‘rin olgan
Foto: Stellantis

Parijda 12 – 18-oktabr kunlari o‘tkazilayotgan xalqaro avtosalonda Stellantis konserni tarkibidagi sakkizta brend 60 dan ortiq avtomobilni namoyish qilmoqda. Ekspozitsiyada yangi DS N°7, Fiat Grizzly, Lancia Gamma, Leapmotor B03 va Opel Corsa GSE kabi modellar bor. Bu haqda Stellantis kompaniyasi xabar berdi.

Avtosalonda to‘qqizta konsept-kar taqdim etiladi

2026-yilgi Parij avtosalonida Stellantis konserni sakkizta brend – Alfa Romeo, Citroën, DS Automobiles, FIAT, Lancia, Leapmotor, Opel va Peugeot avtomobillarini namoyish etmoqda. Kompaniya ekspozitsiyasida to‘qqizta konsept-kar va 60 dan ortiq avtomobillar o‘rin olgan.

Foto: Stellantis

Konsernning ko‘rgazmadagi maydoni 5 340 kvadrat metrni tashkil etadi. Unda shahar ichida foydalanishga mo‘ljallangan ixcham transport vositalaridan tortib, uzoq masofalarga safar qilish uchun ishlab chiqilgan avtomobillargacha namoyish qilinmoqda.

DS N°7 va Fiat Grizzly — asosiy yangiliklar qatorida

DS Automobiles yangi DS N°7 krossoverini xalqaro avtosalonda ilk bor namoyish etmoqda. Model gibrid va to‘liq elektr versiyalarda taklif qilinadi. Ishlab chiqaruvchi uning elektr versiyasi bir quvvatlanishda 740 kilometrgacha masofa bosib o‘tishini bildirgan.

Foto: Stellantis

FIAT esa Grizzly va Grizzly Fastback nomli ikkita yangi oilaviy krossoverni taqdim etmoqda. Ular keng salon, amaliy foydalanish imkoniyatlari va kundalik ehtiyojlarga mosligi bilan ajralib turadi.

Lancia Gamma modelining namoyishi ham brend uchun muhim bosqich hisoblanadi. Yangi krossover Italiyada ishlab chiqariladi va Lancia’ning Yevropa bozoridagi faoliyatini kengaytirish rejasining bir qismi sanaladi.

Xitoy brendi Leapmotor ham yangi modellarini ko‘rsatdi

Stellantis bilan hamkorlik qilayotgan Xitoyning Leapmotor kompaniyasi avtosalonda B03 ixcham elektromobili va D19 flagman krossoverini namoyish qilmoqda.

B03 shahar va kundalik foydalanishga mo‘ljallangan elektr avtomobil bo‘lsa, D19 brendning yuqori toifadagi krossoveri hisoblanadi. Ikkala modelda ham raqamli texnologiyalar va zamonaviy elektr harakatlantirish tizimlariga urg‘u berilgan.

Foto: Stellantis

Opel esa yangi Corsa GSE modelining yakuniy dizaynini va Formula E uchun ishlab chiqilgan GSE 27FE poyga avtomobilini ko‘rsatmoqda.

Yevropa ishlab chiqaruvchilari elektromobillar bozoridagi o‘rnini mustahkamlamoqchi

Avtosalondagi taqdimotlar Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari elektr transport vositalari va nisbatan hamyonbop modellar yo‘nalishiga e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi.

Reuters xabariga ko‘ra, Stellantis Yevropa bozoridagi mavqeini mustahkamlash uchun taxminan 15 ming yevrodan boshlanishi mumkin bo‘lgan arzon elektromobillar segmentiga ham e’tibor qaratmoqda. Biroq konsept-kar yoki avtosalonda namoyish qilingan modelning taqdim etilishi uning darhol ommaviy sotuvga chiqarilishini anglatmaydi.

Avvalroq Xpeng kompaniyasi Xpeng G9L elektr krossoverini Yevropada sotuvga chiqargani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek