Ronaldu mashg‘ulotga qaytdi, Istanbulni suv bosdi, Nodirbek Abdusattorov o‘zini Kilian Mbappega qiyosladi — 15-oktabr yangiliklari

Ronaldu mashg‘ulotga qaytdi, Istanbulni suv bosdi, Nodirbek Abdusattorov o‘zini Kilian Mbappega qiyosladi — 15-oktabr yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Ronaldu terma jamoadan chetlatilgach mashg‘ulotga qaytdi

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu milliy jamoadan vaqtincha chetlatilganidan so‘ng Saudiya Arabistonining «Al-Nassr» klubi bilan mashg‘ulotlarga qaytdi. Bu haqda Sportnews.kz xabar berdi.
Futbolchi Instagram sahifasida klub bazasidagi suratini joylashtirib, unga «Back at it» – «Yana ishga qaytdik» deya izoh qoldirgan.
Yangi Chevrolet Cobalt avtomobili sotib olishga arziydimi

Chevrolet Cobalt Markaziy Osiyoda eng ko‘p uchraydigan avtomobillardan biri. Gas Bas YouTube kanali Qirg‘izistondagi modelni shahar va trassada sinab ko‘rish bilan cheklanmay, uning zavoddagi yig‘ilish jarayonidan tortib, avtosportdagi imkoniyatlari va rasmiy diler narxlarigacha o‘rgandi.
Video muallifi Cobalt’ni, avvalo, kundalik foydalanishga mo‘ljallangan sodda avtomobil sifatida ta’riflaydi: u dizayn yoki hashamat bilan ajralib turishga emas, odam va yuk tashish, ishga borish hamda daromad qilish kabi amaliy vazifalarga yo‘naltirilgan.
Mirziyoyev Osiyoda ishonch infratuzilmasini yaratishni taklif qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bokuda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi. Yig‘ilishda xalqaro vaziyat, mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari nutqida Osiyodagi qurolli nizolar mintaqa xavfsizligi, global iqtisodiyot va millionlab insonlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Qahramonjon Olimov Interpol qidiruv ro‘yxatidan chiqarildi

Anorbank aksiyadorlaridan biri Qahramonjon Olimov Interpol saytida xalqaro qidiruvdagi shaxslarning ochiq ro‘yxatidan olib tashlandi. Avvalroq unga nisbatan «qizil bildirishnoma» – Red Notice e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.
Istanbulni suv bosdi: yomg‘irda 2 kishi halok bo‘ldi

Istanbulda kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi. Sarıyer tumanida 200 dan ortiq odamlar suv bosgan hududlardan evakuatsiya qilindi, shahar bo‘ylab esa favqulodda xizmatlarga 2,5 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Bu haqda NTV nashri xabar berdi.
Amerikalik grossmeyster Nakamura Gukesh va Sindarovni imkoniyatlarini solishtirdi

Amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamura 2026-yilgi jahon chempionligi uchun bahsda amaldagi chempion Gukesh Dommaraju o‘zbekistonlik Javohir Sindarovni yengishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, buning uchun Gukesh avvalgi formasini tiklashi va psixologik bosimdan xoli o‘ynashi kerak.
O‘zbekiston Rossiya terma jamoasi bilan futbol o‘ynash shartini e’lon qildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi noyabr oyida Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Odil Ahmedovning aytishicha, buning uchun Saudiya Arabistoni bilan rejalashtirilgan o‘yin bo‘yicha kelishuvga erishilmasligi va barcha tafsilotlar bosh murabbiy Fabio Kannavaro bilan muhokama qilinishi kerak. Bu haqda Sport24 nashri xabar berdi.
Sergelida 5 gektarlik ekologik dam olish maskani qurilmoqda

Sergeli tumanining Qumariq mahallasida 5 gektarlik yangi dam olish hududi barpo etilmoqda. Toshkent shahar hokimligining ma’lum qilishicha, loyiha markazida 17 ming kvadrat metrlik sun’iy ko‘l bo‘ladi.
Qozog‘istonda reper Navai ikki oyga hibsga olindi

Rossiyalik reper Navai Bakirov Qozog‘istonda giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq ish bo‘yicha ikki oyga hibsga olindi. Jambil viloyati Qorday tuman sudi reperni joriy yil 14-dekabrgacha, ya’ni ikki oyga hibsda saqlash haqida qaror chiqarganini ma’lum qildi.
Toshkentning uchta tumaniga yangi hokimlar tayinlandi

Toshkent shahrining Chilonzor va Yangihayot tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. Bundan avval poytaxt hokimligi matbuot xizmati Yashnobod tumaniga yangi hokim lavozimiga Abdulaziz Abdulxakov tasdiqlangani haqida xabar bergan edi.
Lazizbek Temirov Yangihayot tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. U 1989-yilda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. 2012-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2021-yilda esa ushbu oliygoh magistraturasini tamomlagan.
Inogamov Hayot Ilyasovich Chilonzor tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Inogamov 1986-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2006-yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutini, 2008-yilda esa mazkur institut magistraturasini tamomlagan.
Nodirbek Abdusattorov o‘zini Kilian Mbappega qiyosladi

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov fransiyalik futbol yulduzi Kilian Mbappe bilan xarakterida o‘xshashlik borligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, terma jamoa safida o‘zini boshqacha namoyon qiladi. Bu haqda shaxmatchi «Lolazor» podkastiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Shomurodov va Fayzullayev Turkiyada legioner hisoblanmasligi mumkin

Turkiyada O‘zbekiston va boshqa turkiy davlatlardan kelgan futbolchilarni legioner emas, mahalliy futbolchi maqomida o‘ynatish taklif qilindi. Tashabbus amalga oshsa, «Istanbul Bashakshehir» safida to‘p surayotgan Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev uchun ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.