Daxlsizlik va immunitetga ega shaxslar doirasi belgilandi

O‘zbekistonda daxlsizlik va immunitet huquqiga ega shaxslarga nisbatan ish yuritishning o‘ziga xos tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hujjat bilan daxlsizlik va immunitetga ega shaxslar doirasi, ularni jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi hamda ushbu huquqlar buzilgan taqdirda javobgarlik belgilandi.
Kimlar daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi
Qonunga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, Ombudsman, Bolalar ombudsmani, sudyalar, prokurorlar, tergovchilar va surishtiruvchilar, advokatlar, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari hamda prezidentlikka nomzodlar daxlsizlik huquqiga ega shaxslar qatoriga kiritildi.
Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari esa ishdan bo‘shatilganidan keyin besh yil davomida Administratsiyadagi xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakati yoki harakatsizligi uchun daxlsizlikka ega bo‘ladi.
Kimlar immunitetga ega bo‘ladi
O‘zbekiston Prezidenti, Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari va ularning oila a’zolari immunitet huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi boshqaruv xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda qabul qilgan qarorlari, sodir etgan harakatlari yoki harakatsizligi yuzasidan immunitetga ega bo‘ladi.
Parlament a’zolari esa ovoz berish va bildirgan fikrlari uchun immunitet bilan ta’minlanadi.
Daxlsizlikka ega shaxslarni ushlab turish cheklanadi
Bunday shaxslarni odatda ushlab turish yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga olib kelishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Faqat Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi 1-bandida nazarda tutilgan asoslarda ularni uch soatgacha ushlab turish mumkin bo‘ladi.
Javobgarlikka tortish uchun rozilik talab etiladi
Daxlsizlik huquqiga ega shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun tegishli palata, Prezident yoki boshqa vakolatli organning roziligi talab qilinadi.
Masalan, deputatga nisbatan tegishli palataning, Prezident Administratsiyasi boshqaruv xodimiga nisbatan esa Bosh prokuror taqdimnomasi asosida Prezidentning yozma roziligi kerak bo‘ladi.
Noqonuniy olingan dalillar haqiqiy hisoblanmaydi
Daxlsizlik yoki immunitet talablarini buzgan holda olingan dalillar nomaqbul deb topiladi.
Bunday dalillar ish materiallaridan chiqarib tashlanadi va ulardan protsessual qarorlar qabul qilishda foydalanib bo‘lmaydi.
Telefon suhbatlarini eshitish uchun alohida ruxsat kerak
Daxlsizlikka ega shaxslarga nisbatan telefon suhbatlarini tinglash va yozishmalarni kuzatish faqat sud qarori yoki Bosh prokurorning yozma ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.
Ma’muriy javobgarlik ham alohida tartibda bo‘ladi
Daxlsizlikka ega shaxslarni sud tartibida ma’muriy javobgarlikka tortish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi XXIII³ bobida belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
Immunitetga ega shaxslarga nisbatan esa sud tartibida ma’muriy jazo qo‘llash mumkin bo‘lmaydi.
Daxlsizlikni buzganlik uchun besh yilgacha qamoq
Konstitutsiya yoki qonunga muvofiq daxlsizlikka ega shaxsni bila turib noqonuniy ushlab turish, majburiy olib kelish yoki unga nisbatan tergov harakatlarini o‘tkazish, shuningdek, bunday harakatlarga buyruq yoki topshiriq berish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bunday qilmish uchun muayyan huquqdan mahrum etgan holda uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.
Agar qilmish takroran, bir guruh shaxs tomonidan oldindan til biriktirib, zo‘rlik ishlatib yoki zo‘rlik bilan qo‘rqitib, dalillarni soxtalashtirib, qamoqqa olish yoki jinoiy javobgarlikka tortish orqali sodir etilsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ayrim zararlar Davlat budjetidan qoplanadi
Prezident Administratsiyasi mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlarining xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida yetkazilgan zarar Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
Bunda ularga nisbatan regress huquqi qo‘llanilmaydi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Avvalroq «Kursiv» Prezident Administratsiyasi mansabdorlari umrbod daxlsizlik immunitetiga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.