O‘zbekistonda tilanchilik uchun jarimalar oshirildi

eʼlon qilindi
Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3 baravaridan 5 baravarigacha oshirildi
Foto:
themuslimvibe.com

O‘zbekistonda tilanchilik qilganlik uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3 baravaridan 5 baravarigacha oshirildi. Boshqa shaxslarni, jumladan voyaga yetmaganlar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarni tilanchilikka jalb etganlik uchun ham jazo kuchaytirildi. Bu haqda prezident tomonidan 14-oktabr kuni imzolangan qonunda belgilangan.

Tilanchilik uchun jarima qancha bo‘ldi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-3-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ko‘chalarda, transport to‘xtash joylarida va jamoat joylarida pul, oziq-ovqat yoki boshqa moddiy qimmatliklarni faol tarzda so‘rab tilanchilik qilganlik uchun endi quyidagi jazolar qo‘llaniladi:

  • BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima;
  • 15 sutkagacha ma’muriy qamoq.

Avval jarima BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha edi. Yangi tartib 14-oktabrdan kuchga kirgan.

Boshqalarni tilanchilikka jalb etganlik uchun jazo kuchaydi

Voyaga yetmaganlar, keksa yoshdagi shaxslar, ruhiy holati buzilgan yoki nogironligi bo‘lgan fuqarolarni va boshqa shaxslarni tilanchilikka jalb etganlik uchun ham jazo oshirildi.

Bunday holatlarda endilikda:

  • BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima;
  • 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin.

Ilgari ushbu huquqbuzarlik uchun jarima BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha edi.

Shuningdek, boshqa shaxslarni alkogolli ichimliklar yoki giyohvandlik va psixotrop moddalar hisoblanmaydigan, biroq insonning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi vositalarni majburan iste’mol qildirgan holda tilanchilikka jalb etish ham shu jazo doirasiga kiradi.

Avvalroq O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilishga qaratilgan yangi huquqiy normalar joriy etilgandi.

Shuningdek