Shomurodov va Fayzullayev Turkiyada legioner hisoblanmasligi mumkin

Turkiyada O‘zbekiston va boshqa turkiy davlatlardan kelgan futbolchilarni legioner emas, mahalliy futbolchi maqomida o‘ynatish taklif qilindi. Tashabbus amalga oshsa, «Istanbul Bashakshehir» safida to‘p surayotgan Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev uchun ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Turkiyadagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) raisi o‘rinbosari Kurshad Zorlu turkiy davlatlardan kelgan futbolchilarga yangi maqom berish bo‘yicha ish boshlanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala Turkiya futbol federatsiyasi rahbari bilan ham muhokama qilingan.
Hozircha taklif rasman tasdiqlanmagan. Yangi tartib qachon kuchga kirishi va qaysi davlatlar futbolchilariga tatbiq etilishi ham ma’lum emas.
«Turk kubogi» tashkil etilishi mumkin
Zorlu, shuningdek, turkiy davlatlar terma jamoalari yoki futbolchilari ishtirokida har ikki yilda bir marta «Turk kubogi» turnirini o‘tkazish taklifini bildirdi. Musobaqani tashkil etish bo‘yicha Turkiya futbol federatsiyasi va Yoshlar hamda sport vazirligi bilan ish boshlash rejalashtirilmoqda.
Tashabbus mualliflariga ko‘ra, turnir yosh futbolchilarni aniqlash va ularning xalqaro maydondagi tajribasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodov faoliyatini AQShda davom ettirishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.