Toshkentda soxta Call-markaz faoliyati fosh etildi

eʼlon qilindi
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda
Toshkentda soxta call-markaz faoliyati fosh etildi
Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida noqonuniy GSM-shlyuz qurilmalaridan foydalangan soxta Call-markaz faoliyati fosh etildi.

Ma’lumotga ko‘ra, guruh a’zolari fuqarolarni turli banklar nomidan qo‘ng‘iroq qilib aldagan, ularning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va bank kartalaridagi mablag‘larni o‘zlashtirgan. Ayrim fuqarolar nomiga onlayn kreditlar ham rasmiylashtirilgani aytilmoqda.

Soxta Call-markaz Mirobod tumanida tashkil etilgan

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 1989 – 2005-yillarda tug‘ilgan besh nafar shaxs Mirobod tumanidagi noturar binoni ijaraga olib, u yerda soxta Call-markaz tashkil qilgan.

Guruh bilan aloqador yana bir shaxs esa boshqa fuqaroning xonadonini ijaraga olib, bu manzilga Call-markaz faoliyatida foydalanish uchun GSM-shlyuz qurilmasini o‘rnatgani aniqlangan.

Bank kiberxavfsizlik xodimi ham guruh tarkibida bo‘lgan

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, guruhga Toshkent viloyatida yashovchi, avval sudlangan shaxs rahbarlik qilgan.

Guruh a’zolari orasida nufuzli banklardan birining bosh ofisida kiberxavfsizlik bo‘limida ishlagan xodim ham bo‘lgani qayd etilgan.

$8 mln kriptoaktiv orqali xorijga chiqarilgan

DXX ma’lumotiga ko‘ra, guruh jinoiy yo‘l bilan olingan jami $8 mln mablag‘ni kriptoaktivlarga aylantirib, soxta MChJ orqali xorijiy davlatga olib chiqqan va legallashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov davomida guruh bilan aloqador yana 10 nafar shaxs aniqlangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Farg‘onada 2,5 trln so‘mlik noqonuniy kriptoaylanma aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek