Tramp yo‘lbarsga yem bo‘lgan yigitni masxara qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniyadagi hayvonot bog‘ida yo‘lbars hujumidan halok bo‘lgan 23 yoshli Uilyam Chapman tasvirlangan videoni ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi. Shundan so‘ng u o‘zini yo‘lbars bilan olishayotgan holatda tasvirlagan sun’iy intellekt videosini ham joyladi. Bu holat marhumning oilasi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Yigit yo‘lbarslar hududiga kirib ketgan
Voqea 10-oktabr kuni Angliyaning Donkaster shahri yaqinidagi Yorkshire Wildlife Park hayvonot bog‘ida yuz bergan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Chapman yo‘lbarslar saqlanadigan hududga kirgan va hayvon unga hujum qilgan. Yigit olgan og‘ir jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Hodisa oqibatida yo‘lbarsga zarar yetmagan. Huquq-tartibot organlari voqea tafsilotlarini o‘rganishni davom ettirmoqda.
Tramp videoga qanday izoh berdi
13-oktabr kuni Tramp o‘zining Truth Social sahifasida yo‘lbars yigitga hujum qilayotgan aks etgan videoni e’lon qildi. U postga ingliz tilida «Tabiat bilan hazillashmang!» mazmunidagi izohni yozdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp yovvoyi mushuksimon hayvonlarning odamlarga hujum qilishi aks etgan yana bir videoni ulashdi. Undagi lavhalarning bir qismi sun’iy intellekt yordamida yaratilgani aniqlandi.
Keyinroq u o‘zini yo‘lbars bilan olishib, oxirida hayvon bilan quchoqlashayotgan holatda ko‘rsatuvchi sun’iy intellekt videosini ham joyladi. Videoda «The Lion Sleeps Tonight» qo‘shig‘i yangraydi. Ushbu postlar Tramp marhumning o‘limini masxara qilayotgani haqidagi tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Marhumning oilasi videolar tarqatilishini to‘xtatishni so‘radi
Chapmanning oilasi uning o‘limi aks etgan tasvirlarning internetda tarqalishi ularga qo‘shimcha ruhiy og‘riq yetkazayotganini bildirdi. Oila a’zolari marhumning so‘nggi daqiqalari tasvirlangan materiallarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Ularning ma’lum qilishicha, Chapman bir necha yildan beri jiddiy ruhiy salomatlik muammolari bilan kurashib kelgan. Oila uni mehribon va samimiy yigit sifatida ta’riflagan.
Trampning videolariga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda ham tanqidlar bildirildi. Ayrim foydalanuvchilar bunday materiallarni tarqatish marhum va uning yaqinlariga hurmatsizlik ekanini ta’kidladi.
Avvalroq Buyuk Britaniyaning Donkaster shahri yaqinidagi Yorkshire Wildlife Park’da yo‘lbars hujumidan bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.