Birorta muammo bugun qolmasligi kerak — Mirziyoyev

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Prezident davlat va investorlar o‘rtasidagi hamkorlik ochiq, tushunarli va shaffof bo‘lishi zarurligini ham qayd etdi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev investorlar va davlat o‘rtasidagi munosabatlar tizimini yangi bosqichga olib chiqish, energetika sohasidagi muammolarni ochiq muhokama qilib, ularni hal etish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

16-oktabr kuni yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqotda Shavkat Mirziyoyev zamon tez o‘zgarayotgani va davlat boshqaruvi tizimi yangi talablarga moslashishi kerakligini qayd etdi.

«Bir narsani bilishlaring kerakki, investor bilan davlat orasidagi O‘zbekistondagi tizim yangi pog‘onaga chiqishi kerak», – dedi prezident.

Uchrashuvda davlat vakillari investorlarni ko‘proq tinglashi, mavjud muammolarni aniqlab, ularning yechimini topishi lozimligi ta’kidlandi.

«Birorta muammo bugun qolmasligi kerak. Hamma masalani hal qilishimiz kerak. Yutug‘imiz bor, lekin kamchiligimiz ham juda ko‘p. Shuning uchun endi xato qilishga haqqimiz yo‘q», – dedi Mirziyoyev.

Prezident davlat va investorlar o‘rtasidagi hamkorlik ochiq, tushunarli va shaffof bo‘lishi zarurligini ham qayd etdi.

Energetika loyihalarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtiroki oshiriladi

Muloqotda O‘zbekistonning xalqaro energetika hamkorligidagi imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Prezident mamlakatda tabiiy resurslar, sanoat korxonalari, muhandislar va bilimli yoshlar borligini ta’kidladi.

Uning fikricha, ushbu salohiyat sarmoya va ilg‘or texnologiyalar bilan birlashsa, iqtisodiyotda ko‘proq qo‘shilgan qiymat yaratish mumkin.

Energetika loyihalarida mis mahsulotlari, kabellar, transformatorlar, metall konstruksiyalar va qurilish materiallariga talab yuqori. Shu sababli mahalliy korxonalar sifat, narx va xalqaro standartlar bo‘yicha raqobatlasha olishi muhimligi qayd etildi.

O‘Z g‘oyasi iqtisodiy mazmun kasb etishi kerak

Muloqotda «O‘Z» g‘oyasining iqtisodiy mazmuni ham tilga olindi. U mamlakatning o‘z salohiyatini rivojlantirishi, xalqaro hamkorlikda teng ishtirok etishi va umumiy kelajak uchun mas’uliyat olishini anglatishi ta’kidlandi.

Prezidentning aytishicha, kelgusi yilga tayyorgarlikni hozirdan boshlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va investorlar bilan hamkorlikni takomillashtirish zarur.

Avvalroq Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasi uchun zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek