Bolalarni giyohvandlikka jalb qilganlar 10 yilgacha qamalishi mumkin

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarni giyohvandlik vositalari va boshqa taqiqlangan moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun jazo kuchaytirildi. Og‘irlashtiruvchi holatlarda aybdorlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Voyaga yetmaganlarni zararli moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun jazo oshirildi
Prezident 2026-yil 14-oktabr kuni imzolagan qonun bilan Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, voyaga yetmaganlarni spirtli ichimliklar yoki aqliy-irodaviy faoliyatga ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun, avval ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin, jarima miqdori oshirildi. Endi jarima 150 – 250 baravar miqdorida belgilanadi.
Shuningdek, 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.
Giyohvandlikka jalb qilganlik uchun 7 yilgacha qamoq
Voyaga yetmaganlarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning ayrim turlarini iste’mol qilishga jalb etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish muddati ham oshirildi.
Bunday jinoyat uchun endi 5 yildan 7 yilgacha qamoq jazosi belgilanishi mumkin.
Og‘irlashtiruvchi holatlarda jazo 10 yilgacha yetadi
Agar jinoyat takroran sodir etilsa, ikki yoki undan ortiq voyaga yetmagan shaxsga nisbatan amalga oshirilsa, ta’lim muassasasi hududida sodir etilsa yoki inson o‘limi yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa, aybdorga 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda tilanchilik qilganlik uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 3 baravaridan 5 baravarigacha oshirilgani haqida xabar berilgandi.