Green Card lotereyasi qayta ochiladimi — tafsilotlar

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Sud qaroriga ko‘ra, AQSh Davlat departamenti DV-2027 dasturi uchun ro‘yxatdan o‘tish muddatini e’lon qilishi va arizalarni kamida 30 kun davomida qabul qilishi kerak
Green Card dasturiga ariza berish tartibi yangilandi
Green Card dasturiga ariza berish tartibi yangilandi / Foto: Mexanik/Depositphotos

AQShning San-Diyego shahridagi federal sud Davlat departamentiga 2027-yilgi Diversity Visa – Green Card lotereyasi uchun ro‘yxatdan o‘tishni qayta ochishni buyurdi. Dastur orqali dunyo bo‘ylab 55 ming nafargacha kishi AQShda doimiy yashash huquqini olish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

AQSh Davlat departamenti DV-2027 ro‘yxatdan o‘tish davrini o‘z vaqtida boshlamagan edi. Departament 2025-yil noyabrida dasturga o‘zgartirishlar kiritilayotganini va yangi ro‘yxatdan o‘tish sanasi keyinroq e’lon qilinishini bildirgan.

Sud ro‘yxatdan o‘tish muddatini e’lon qilishni buyurdi

AQSh okrug sudyasi Jinsuk Ohta Davlat kotibi Marko Rubioga DV-2027 dasturi uchun ro‘yxatdan o‘tish sanalarini, ariza topshiriladigan saytni va ishtirok etish talablarini ochiq e’lon qilishni buyurdi.

Sud qaroriga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish davri kamida 30 kun davom etishi kerak.

Davlat departamenti ushbu davrda elektron shaklda yuborilgan va belgilangan talablarga javob beradigan arizalarni qabul qilishi shart.

Sudga immigratsiya bo‘yicha yuridik firma murojaat qilgan

Dastur qayta ochilishini talab qilib, Kaliforniyadagi Red Eagle Law yuridik firmasi sudga murojaat qilgan.

Firma asoschisi Kertis Morrison hukumatning ro‘yxatdan o‘tish davrini ochmagani amalda DV-2027 dasturining bekor qilinishiga olib kelganini ta’kidlagan.

Tramp ma’muriyati esa ro‘yxatdan o‘tish davrini ochish uchun vaqt o‘tib ketganini sudda bildirgan.

Tanlangan arizachilar bilan ishlash davom ettiriladi

Sud qarori Davlat departamentidan lotereyada tanlangan ishtirokchilarni xabardor qilish va ularning arizalarini odatiy tartibda ko‘rib chiqishni ham talab qiladi.

Bu jarayon mavjud vizalar tugaguniga yoki 2027-moliya yili yakuni – 2027-yil sentabr oxirigacha davom etishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Green Card uchun 100 ming dollarlik kafolat puli joriy qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek