Murojaatlar bo‘yicha salbiy ko‘rsatkichlarga ega banklar ma’lum qilindi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Eng yuqori ko‘rsatkich «Hayot Bank»da
Dam olish kunlari qaysi banklarda valyuta ayirboshlash mumkin
Foto: Depositphotos

2026-yil III chorakda Markaziy bankka banklar faoliyati yuzasidan jami 12,3 mingta murojaat kelib tushdi. Mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich «Hayot Bank»da qayd etildi – 5,71.

Markaziy bank bank xizmatlari sifati va mijozlar murojaatlarini tahlil qilib, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushi eng yuqori bo‘lgan banklarni e’lon qildi.

Reytingda «Hayot Bank» 5,71 ko‘rsatkich bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda «BRB» – 3,17 va «Mikrokreditbank» – 2,53 ko‘rsatkich bilan qayd etildi.

Ekran tasviri videodan

Shuningdek, «TBC Bank»da indeks 1,96, «Anorbank»da 1,86, «Turonbank»da 1,62, «Asakabank»da 1,27 ni tashkil etdi. «InFinBank» va «AVO bank»da ko‘rsatkich 1,25 dan, «Kapitalbank»da esa 1,24 bo‘lgan.

Regulyator murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi banklarda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati, murojaatlarga o‘z vaqtida javob berish va takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatishini ta’kidladi.

Banklarga kamchiliklarni tahlil qilish tavsiya etildi

Markaziy bank tijorat banklariga kelib tushayotgan murojaatlarning sabablarini chuqur o‘rganish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish hamda mijozlar manfaatlarini himoya qilish choralarini kuchaytirishni tavsiya etdi.

Shuningdek, mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha tushunarli ma’lumot berish, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Bu bankning ishonchliligini baholamaydi

Markaziy bank qayd etishicha, ushbu indeks banklarning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini ko‘rsatmaydi.

Ko‘rsatkich faqat bank mijozlari soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bank tariflari o‘zgarsa, mijozlar oldindan ogohlantirilishi kerakligi haqida xabar berilgandi. Markaziy bank vakilining tushuntirishicha, amaldagi tartib tariflar o‘zgarganda mijozlarni 14 kun oldin ogohlantirishni nazarda tutadi. Bu talab tarifning oshirilishi yoki kamaytirilishidan qat’iy nazar amal qiladi.

Shuningdek