O‘zbekistonda energiya loyihalariga 10 yillik soliq imtiyozlari aniq belgilanadi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Imtiyozlarni qo‘llashda turlicha talqinlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun
Foto: prezident.uz

O‘zbekistonda energiya saqlash loyihalari uchun belgilangan 10 yillik yer va mol-mulk solig‘i imtiyozlari qo‘llanadigan obyektlar doirasi Soliq kodeksida aniq belgilanadi. Shuningdek, elektr taqsimlash tarmoqlariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev investorlar bilan o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika sohasidagi ochiq muloqotda aytdi.

Soliq imtiyozlari qaysi obyektlarga tatbiq etiladi

Energiya saqlash loyihalari uchun qonunchilikda yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha 10 yillik imtiyozlar belgilangan. Biroq ularni qo‘llashda turlicha talqinlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun imtiyozlar faqat akkumulyatorlar yoki quyosh panellari joylashgan maydonlarga emas, balki zarur podstansiyalar, boshqaruv binolari va yordamchi infratuzilmaga ham tatbiq etilishi Soliq kodeksida aniq ko‘rsatiladi.

Bu o‘zgarish soliq imtiyozlaridan foydalanish shartlarini aniqlashtirish va investorlar uchun huquqiy tushunmovchiliklarni kamaytirishga qaratilgan.

Elektr taqsimlash tarmoqlariga xususiy sektor jalb qilinadi

Elektr taqsimlash tarmoqlarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Samarqandda boshlangan yondashuvni Jizzax va Toshkent viloyatlarida ham davom ettirish ko‘zda tutilgan.

Ushbu tashabbus elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish va iste’molchilarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatini yaxshilashga qaratilgan.

Energiya tejamkorlikka xususiy sarmoya kiritiladi

«Eng arzon energiya — tejalgan energiya», – dedi prezident.

Shu tamoyil asosida ijtimoiy soha obyektlari va suv xo‘jaligidagi nasos stansiyalarini energiya tejamkor texnologiyalar yordamida modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalar jalb etiladi.

Investorlar amalga oshirilgan loyihalar natijasida tejalgan energiya va karbon kreditlari hisobidan daromad olishi mumkin bo‘ladi. Bu mexanizm energiya sarfini kamaytirish bilan birga, tejamkor texnologiyalarni joriy etish uchun xususiy sektor manfaatdorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda umumiy quvvati 2 200 megavatt bo‘lgan oltita quyosh va shamol elektr stansiyasi loyihasi ochiq tanlovga chiqarilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek