O‘zbekistonda yirik gaz resurslariga ega 128 hudud aniqlandi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularda 5,8 trln kub metr gaz va 560 mln tonna suyuq uglevodorod resurslari mavjud
Foto: Press_Secretary_Uz

O‘zbekistonda neft-gaz qidiruvi uchun yana 128 ta blok tayyorlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularda 5,8 trln kub metr gaz va 560 mln tonna suyuq uglevodorod resurslari mavjud. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Hozir Ozarbayjonning SOCAR va Buyuk Britaniyaning British Petroleum kompaniyalari bilan Ustyurt mintaqasidagi 6 ta investitsiya blokida geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Xorijiy hamkorlarga taklif qilish uchun boshqa hududlarda yana 128 ta blok tayyorlangan. Ularni o‘zlashtirishda raqobat, shaffoflik va iqtisodiy samaradorlik asosiy mezon bo‘lishi belgilangan.

Gazni chuqur qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev gazdan faqat elektr energiyasi olish bilan cheklanmay, uni chuqur qayta ishlab, ko‘proq qo‘shilgan qiymat yaratish muhimligini ta’kidladi. Qashqadaryodagi sintetik suyuq yoqilg‘i majmuasida yiliga 1,5 mln tonnagacha yoqilg‘i va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Buxoroda yangi neft-kimyo loyihasi amalga oshiriladi

Buxoro viloyatida polietilen, polipropilen va PET mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan MTO loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Prezident yangi texnologiyalarga asoslangan, ekologik talablarga javob beradigan va iqtisodiy jihatdan samarali loyihalar bo‘yicha investorlar takliflarini kutayotganini bildirdi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan xalqaro loyihalarni ham rivojlantirayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek