Pokistonda maktab tomi quladi: 35 kishi halok bo‘ldi, maktab egasi qo‘lga olindi

Pokistonning Peshavor shahridagi xususiy maktab tomining qulashi oqibatida 34 nafar o‘quvchi va bir nafar o‘qituvchi halok bo‘ldi. Yana kamida 45 kishi jarohatlangan. Maktab egasi qurilishda sifatsiz materiallardan foydalanish gumoni bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Geo News xabar berdi.
Ikki qavatdagi sinfxonalar qulab tushgan
Fojia 15-oktabr kuni ertalab, darslar davom etayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Dastlab yuqori qavatdagi sinfxona konstruksiyasi pastki qavatdagi xona ustiga qulagan. Hodisa vaqtida har ikki xonada ham o‘quvchilar bo‘lgan.
Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlarni olib chiqish uchun to‘rt-besh soat davomida ishlagan. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, vayronalar ostida qolgan barcha odamlar qutqarib olingan.
Halok bo‘lgan bolalarning aksariyati 13 yoshga ham to‘lmagan. Dastlab qurbonlar soni kamroq ekani xabar qilingan, keyinchalik shifoxonalardan olingan ma’lumotlar asosida bu raqam 35 nafarga yetgan.
Maktab egasi sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanganlikda gumon qilinmoqda
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, maktab binosining tomi yetarlicha mustahkam bo‘lmagan. Politsiya vakillaridan biri konstruksiya bolalarning og‘irligiga bardosh bera olmaganini bildirgan. Tomni qurishda temir to‘sinlar va yog‘och taxtalardan foydalanilgani aytilmoqda.
Tergov doirasida maktab egasi Xon Muhammad qo‘lga olingan. U binoning qurilishida sifatsiz materiallardan foydalanilganiga oid gumonlar yuzasidan tekshirilmoqda.
Muhammadning aytishicha, tomning qulashiga bir necha kun davom etgan yomg‘ir sabab bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, maktab binosi taxminan bir yarim yil avval qurilgan. U hodisa sodir bo‘lishidan oldin sinfxonaga kirganini, tom qulagach esa o‘qituvchilarni chaqirib, bolalarni evakuatsiya qilishga kirishganini bildirgan.
Maktabda qancha bola bo‘lgan
Maktab egasining aytishicha, tomi qulagan xonada taxminan 30 nafar bola bo‘lgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, maktabda jami 350 nafar o‘quvchi tahsil olgan.
Biroq politsiya vakillari hodisa vaqtida bino ichida 110 – 115 nafar bola bo‘lganini ma’lum qilgan. Ushbu tafovut yuzasidan rasmiy tekshiruv olib borilmoqda.
Pokiston hukumati tekshiruv boshladi
Xaybar-Paxtunxva viloyati gubernatori Faysal Karim Kundi hodisa yuzasidan mas’ul idoralardan hisobot talab qildi. Shuningdek, u jarohatlangan bolalarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatishni topshirdi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayishini tiladi. U mas’ul idoralarga qutqaruv ishlarini jadallashtirish va jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatishni buyurdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Ishoq Dar, Milliy assambleya spikeri Sardor Ayoz Sodiq hamda Pokiston Xalq partiyasi raisi Biloval Bhutto Zardoriy ham fojiada halok bo‘lganlar yuzasidan hamdardlik bildirdi.
Avvalroq Pokistonning Panjob viloyatida yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketishi oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgandi, 30 kishi jarohatlangandi.