Amaldagi issiqlik tariflari tannarxning 20 foizini qoplaydi — Veolia

Toshkentda isitish va issiq suv uchun amaldagi tariflar xizmatlarning real tannarxining atigi 20 foizini qoplaydi. Bu haqda «Veolia Energy Tashkent» Kursiv Uzbekistan’ga rasmiy xatda ma’lum qildi. Kompaniya 2026-yil 1-noyabrdan joriy etilishi mo‘ljallangan yangi tariflar loyihasi bo‘yicha izoh berib, tariflarni o‘zi belgilamasligini ta’kidladi.
Gaz va elektr narxlari oshgan
«Veolia Energy Tashkent» ma’lumotiga ko‘ra, issiqlik ishlab chiqarishda foydalaniladigan asosiy resurslarning narxi so‘nggi davrda oshgan.
Tabiiy gaz narxi 11 foizga, elektr energiyasi 10 foizga, Toshkent issiqlik markazlaridan sotib olinadigan issiqlik energiyasi esa 7 foizga qimmatlagan. Bundan tashqari, ish haqi, ta’mirlash va ekspluatatsiya uchun zarur materiallar xarajatlari ham ortgan.
«Korxonaning xarajatlari esa isitish energiyasini ishlab chiqarishda foydalaniladigan boshqa resurslar — tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi va boshqa manbalarga bo‘lgan tariflarning oshishiga mutanosib ravishda ortib bormoqda», – deyiladi kompaniya javobida.
Tannarxning 60 foizi resurslarga ketadi
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish tannarxining qariyb 60 foizini tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi va issiqlik markazlaridan sotib olinadigan issiqlik tashkil qiladi.
Qolgan qismi rejali profilaktika ishlari, materiallar, avariya-tiklash brigadalari faoliyati va boshqa operatsion xarajatlarga sarflanadi.
«Amaldagi tariflar hozirda real tannarxning 20 foizini qoplaydi», – deya ta’kidladi «Veolia Energy Tashkent».
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, tarmoqlarni modernizatsiya qilish va issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish hisobiga ishlab chiqarish bo‘yicha bazaviy (ekspluatatsion) tarifning o‘sishi atigi 4,9 foizni tashkil etmoqda.
Tariflarni Veolia belgilamaydi
Kompaniya yangi tariflarni oshirish tashabbusi o‘ziga tegishli emasligini bildirdi.
«Veolia Energy Tashkent»ga ko‘ra, tariflar yonilg‘i-energetika resurslari narxlari va tarmoqning real xarajatlarini hisobga olgan holda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
«Ushbu jarayonda Veolia Energy Tashkent ishtirok etmaydi. Tariflarning oshirilishi kompaniyaning daromadi oshishini anglatmaydi», – deyiladi izohda.
Kompaniya izohiga ko‘ra, kommunal xizmatlarni subsidiyalash tizimini bosqichma-bosqich maqbullashtirish va chakana tariflarni real iqtisodiy ko‘rsatkichlarga yaqinlashtirish mamlakatning yagona tarif siyosati doirasida amalga oshirilmoqda.
Tarmoqlarni ta’mirlashga 417,2 mlrd so‘m ajratiladi
Kompaniya oladigan mablag‘lar Toshkentning issiqlik ta’minoti tizimini yangilashga qayta yo‘naltirilishini ma’lum qildi.
Tasdiqlangan investitsiya va ta’mirlash dasturlariga ko‘ra, eng eskirgan issiqlik tarmoqlarining 59,3 kilometrini kapital ta’mirlash uchun 417,2 mlrd so‘m, joriy ta’mirlash ishlari uchun esa 57,7 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, shaharda aqlli hisoblagichlarni o‘rnatish davom ettiriladi.
«Buning natijasida tarmoqlardagi issiqlik yo‘qotishlarini yanada kamaytirish va avariya holatlarining oldini olish ko‘zda tutilgan», – dedi kompaniya.
Shu bilan birga, kompaniya yangi tariflar joriy etilgach, issiq suv harorati, isitish barqarorligi va avariyalar soni bo‘yicha qanday aniq ko‘rsatkichlarga erishilishi rejalashtirilganini ma’lum qilmadi.
Issiqlik yo‘qotishlari 27,7 foizgacha kamaygan
«Veolia Energy Tashkent» ma’lumotiga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik loyihasi boshlanganidan beri issiqlik yo‘qotishlari 2023-yildagi 46,4 foizdan 27,7 foizgacha qisqargan.
Kompaniya isitish barqarorligini oshirish, avariyalarni tezroq bartaraf etish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish ishlari davom etayotganini bildirdi.
«Bir necha o‘n yillardan beri deyarli modernizatsiya qilinmagan infratuzilmaning sifatli ishlashini ta’minlash bizning eng ustuvor vazifamiz hisoblanadi», – deyiladi kompaniya javobida.
«Veolia Energy Tashkent» Toshkentdagi faoliyatini 2022-yil iyul oyida boshlagan. Kompaniya infratuzilmani to‘liq yangilash va xizmat sifatini qisqa muddatda yaxshilashning imkoni yo‘qligini, ishlar bosqichma-bosqich olib borilishini qayd etdi.
O‘zbekistonda markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari tariflarini 2026-yil 1-noyabrdan oshirish taklif qilinmoqda. Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Toshkent shahrida isitish va hisoblagich bo‘yicha issiq suv tariflari qariyb 30 foizga qimmatlashadi.