Tesla yangi «uchar» sportkarining to‘rtta versiyasini taqdim etdi

Tesla kompaniyasi o‘zining yangi «Roadster» sportkarini namoyish etib, avtomobilning to‘rt xil komplektatsiyasi, reaktiv tezlatkichlari hamda tezlik ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu haqda «CarScoops» nashri xabar berdi.
Komplektatsiyalar va dvigatel quvvati

Xaridorlarga avtomobilning to‘rtta — «Roadster», «Performance», «Thrust» va «Rocket» komplektatsiyalari taklif etiladi va ularning barchasi faqat orqa g‘ildirakdan tortish tizimiga (RWD) ega bo‘ladi. «Top Gear» ma’lumotlariga ko‘ra, bazaviy versiya 1073 ot kuchi (800 kVt) hamda 1200 Nm aylanish momentini taqdim etsa, yuqori komplektatsiyalarda bu ko‘rsatkich 1341 ot kuchi (1000 kVt) va 1400 Nm dan oshadi.
Tezlanish va masofa zaxirasi

Avtomobilning 96 km/soat tezlikka chiqishi «Performance» versiyasida 1,6 soniyadan, «Thrust» versiyasida 0,9 soniyadan va «Rocket» komplektatsiyasida 0,59 soniyadan kam vaqtni oladi. Bazaviy versiyaning og‘irligi 1700 kilogrammdan kam bo‘lishi, bir marta quvvatlanish orqali esa modelga qarab 483 kilometrdan 515 kilometrgacha masofa bosib o‘tishi rejalashtirilgan.
Reaktiv tezlatkichlar va maksimal tezlik
«Thrust» versiyasi 200 litrli azot bakiga ulangan to‘rtta sovuq gazli tezlatkich bilan jihozlanadi, «Rocket» versiyasida esa yo‘lovchi o‘rindig‘i o‘rniga yana 400 litrli bak va oltita qo‘shimcha tezlatkich o‘rnatiladi.



Biroq «Top Gear» xabariga ko‘ra, «Thrust» baki taxminan 6 soniyada bo‘shaydi, «Rocket» tizimidagi 600 litrli bakni atmosfera havosi bilan qayta to‘ldirish esa 6–7 soat vaqt oladi (kompaniya bu vaqtni 30 daqiqaga tushirishni maqsad qilgan). Shuningdek, Tesla maksimal tezlikni 370 km/soatdan 531 km/soatgacha, Ilon Mask esa 617 km/soatgacha yetkazishni maqsad qilgan.
Texnik innovatsiyalar va kutilmalar
Sportkar ikki tomonlama sovitish tizimiga ega maxsus «4680» batareya elementlari, simli boshqaruv va tormoz tizimlari, shuningdek, faol aerodinamik qanotlar hamda yo‘lga yopishishni kuchaytiruvchi so‘rish tizimi bilan jihozlangan.

Taqdimotda avtomobilning havoda aylanish va sakrash kabi murakkab tryuklari namoyish etilgan bo‘lsa-da, mutaxassislar 2028-yilda sotuvga chiqishi kutilayotgan seriyali model bu ko‘rsatkichlarni real sharoitda qay darajada oqlashiga shubha bilan qaramoqda.
Avvalroq Kursiv nashri Tesla Roadster raketa tezlatkichlari bilan taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.