AQSH O‘zbekiston bilan $12 mlrdlik kelishuv imzoladi

eʼlon qilindi
54 ta kelishuv imzolandi
Foto: Saida Mirziyoyeva Telegram kanali

AQSh delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida savdo, investitsiya va texnologik hamkorlik bo‘yicha umumiy qiymati $12 mlrdni tashkil etuvchi 54 ta kelishuv imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot kotibi Stanislav Bagramov ma’lum qildi.

Kelishuvlar O‘zbekistonning sanoat, transport va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, muhim mineral resurslarni o‘zlashtirish, moliya sektori va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishni qamrab oladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ham hamkorlik rejalashtirilgan.

Aviatsiya va temir yo‘l sohasida yangi loyihalar

Transport yo‘nalishida GE Aerospace bilan hamkorlik Uzbekistan Airways’ning yangi samolyotlari uchun dvigatellar yetkazib berishni nazarda tutadi. Wabtec bilan kelishuvlar esa temir yo‘l texnikasi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirishga qaratilgan.

Bu tashabbuslar transport infratuzilmasini texnologik yangilash va mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston kompaniyalari xalqaro kapital bozorlariga chiqishi mumkin

Moliya sohasida Franklin Templeton, Oppenheimer & Co., Citigroup va BlackRock bilan tuzilgan bitimlar milliy kompaniyalarning xalqaro kapital bozorlariga chiqishi, institutsional investorlarni jalb qilish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bilan bog‘liq.

Konchilik sohasida esa ReElement Technologies, Traxys va Trafigura bilan hamkorlik foydali qazilma konlarini o‘rganish va o‘zlashtirish, texnologik hamkorlik hamda mineral resurslarni yetkazib berishni qamrab oladi. Kritik minerallar sohasida mahalliy salohiyatni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sun’iy yo‘ldosh aloqasi va tibbiyot texnologiyalari

Amazon Leo, GE HealthCare va Valmont Industries bilan bog‘liq tashabbuslar sun’iy yo‘ldosh aloqasini rivojlantirish, zamonaviy tibbiyot texnologiyalarini joriy etish va qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Imzolangan kelishuvlar xalqaro kapital va ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etish, ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish hamda turli tarmoqlarda hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Kelishuvlarning amaliy natijasi esa loyihalarning qanday muddatlarda va qay darajada amalga oshirilishiga bog‘liq.

Avvalroq AQSh Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiyaning Samarqandga tashrifi doirasida 400 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek