Olimlar ikki ulkan qora tuynuk 100 yil ichida birlashishi mumkinligini aniqladi

eʼlon qilindi
Oqimlar markazda ikkita qora tuynuk bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi
Foto: Maks Plank instituti

Astronomlar Markarian 501 galaktikasi markazida bir-biriga juda yaqin joylashgan ikkita supermassiv qora tuynuk borligiga dalillar topdi. Tadqiqotchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, ular ayrim shartlarda 100 yil ichida birlashishi mumkin. Bu haqda Germaniyaning Maks Plank radioastronomiya instituti ma’lum qildi.

Qora tuynuklar bir-birini 121 kunda aylanib chiqadi

Olimlar bir necha yil davomida to‘plangan radioastronomik kuzatuvlarni tahlil qilib, galaktika markazidan chiqayotgan ikkita zarrachalar oqimini aniqlagan. Bu oqimlar markazda ikkita qora tuynuk bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Kuzatuvlarga ko‘ra, obyektlar taxminan 121 kunda bir-birini aylanib chiqadi. Ularning orasidagi masofa Yer bilan Quyosh orasidagi masofadan 250 – 540 baravar katta. Kosmik miqyosda esa bu juda yaqin masofa hisoblanadi.

Tadqiqotda Eynshteyn halqasi ham kuzatildi

2022-yil iyunida olingan tasvirlardan birida yorug‘lik halqa shaklida ko‘ringan. Olimlar bu hodisani gravitatsion linzalanish bilan izohlaydi: oldingi obyektning tortishish kuchi orqadagi manbadan kelayotgan yorug‘lik yo‘lini egib, halqaga o‘xshash tasvir hosil qilishi mumkin.

Tadqiqotchilar kuzatuvlarni tahlil qilib, ikkita qora tuynuk mavjudligi kuzatilgan hodisalarni tushuntirishi mumkin degan xulosaga kelgan. Tadqiqot natijalari Monthly Notices of the Royal Astronomical Society jurnalida e’lon qilingan.

Ular qachon birlashadi

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qora tuynuklarning haqiqiy massasi va boshqa fizik xususiyatlariga qarab, ular 100 yil ichida birlashishi mumkin. Biroq bu aniq sana yoki kafolatlangan prognoz emas – muddat hozircha nazariy hisob-kitoblarga asoslangan.

Bunday kuzatuvlar galaktikalar markazidagi qora tuynuklar qanday qilib bir-biriga yaqinlashishi va oxir-oqibat birlashishini tushunishga yordam beradi.

Avvalroq astronomlar ilk bor inson ko‘ziga yashil bo‘lib ko‘rinadigan yulduzni aniqlagandi.

Shuningdek