O‘zbekistonda bank xodimlarining maoshi 20 foizdan ko‘proqqa oshishi mumkin

2026-yilda O‘zbekiston banklarida mutaxassislarning ish haqi 22 foizga, o‘rta bo‘g‘in rahbarlariniki 20 foizga, top-menejerlarniki esa 25 foizga oshishi mumkin. Xodimlar sonini optimallashtirish jarayonlariga qaramay, moliya sektori ish haqi o‘sishining prognoz qilinayotgan sur’atlari bo‘yicha fintex va IT sohalaridan oldinda bormoqda. Shu bilan birga, sun’iy intellekt (SI) joriy etilishi takrorlanuvchi vazifalarni bajaradigan xodimlarga talabni kamaytirishi, ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha mutaxassislar o‘rtasidagi raqobatni esa kuchaytirishi mumkin.
Bu haqda O‘zbekiston ish beruvchilar assotsiatsiyasi rahbari va Person Hunters kompaniyasi bosh direktori Yuliya Yakovleva 15-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Sun’iy intellekt kadrlar tanqisligini bartaraf eta oladimi?» mavzusidagi munozara klubida ma’lum qildi. Tadbir III Xalqaro moliyaviy innovatsiyalar forumi – FINNEXT Asia 2026 ga tayyorgarlik doirasida tashkil etildi.
Banklarda maoshlar fintex va IT sohalariga qaraganda tezroq oshmoqda
Taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda banklarning yuqori darajadagi menejerlari maoshi 24 foizga, o‘rta bo‘g‘in rahbarlari va mutaxassislarining maoshi esa 15 foizga oshgan. 2026-yilda bu ko‘rsatkichlar tegishlicha 25, 20 va 22 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
«Biz banklar, fintex, IT va energetika sohalarida tadqiqotlar o‘tkazamiz. Bunday tadqiqotlarni juda ko‘p qilamiz va so‘nggi 10 yil davomida ularni har yili o‘tkazib kelmoqdamiz», – dedi Yakovleva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda bank-moliya sektori malakali xodimlarga bo‘lgan talabning asosiy manbalaridan biriga aylandi.

«Xodimning qiymati eng tez o‘sayotgan asosiy bozor — bank-moliya sektori. Buning ajablanarli joyi yo‘q: so‘nggi besh yil ichida moliya sektori faol rivojlanmoqda, IT-kommunikatsiya sohasi esa bu rivojlanishga yetib olishga harakat qilmoqda», – dedi u.
Fintex sohasida yuqori darajadagi menejerlar maoshi 24 foizga, o‘rta bo‘g‘in rahbarlariniki 18 foizga, mutaxassislarniki esa 20 foizga oshishi prognoz qilinmoqda. IT sohasida tegishli ko‘rsatkichlar 18, 19 va 17 foizni tashkil etadi.
Biroq bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilgi holatdan farq qiladi. Masalan, fintex kompaniyalari mutaxassislarining maoshi 2025-yilda 17 foizga oshgan bo‘lsa, 2026-yilda bu o‘sish 20 foizga yetishi mumkin. IT sohasida esa aksincha, maoshlar o‘sishi 24 foizdan 17 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.
«Taxminan besh yil avval telekommunikatsiya va IT sohalari reytingda birinchi o‘rinda edi, banklar esa uchinchi o‘rinda turardi. Ammo so‘nggi uch yilda banklar yetakchi o‘rinlarda qolmoqda», – deya tushuntirdi Yakovleva.
Banklar xodimlar sonini qisqartirishni boshladi
Xodimlarni yollashni ko‘paytirish rejalashtirilayotganiga qaramay, banklar bir vaqtning o‘zida xodimlar sonini optimallashtirishda davom etmoqda.
Yakovlevaning aytishicha, moliya tashkilotlari oldingi ikki yil davomida ko‘plab xodimlarni ommaviy ravishda ishga qabul qilish davridan keyin kadrlar siyosatini qayta ko‘rib chiqdi.
«Banklar bundan keyin ham ishga qabul qilishni ko‘paytirish va mutaxassislarni jalb etishni rejalashtirmoqda. Ammo bir jihat bor: so‘nggi ikki yil ichida bank-moliya sektorida juda qiziq bir holatni kuzatdik. Banklar o‘z saflarini tozalashni boshladi», – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avval moliya tashkilotlari aynan qaysi vazifalarni bajaradigan xodimlar zarurligiga har doim ham yetarlicha e’tibor bermasdan, faol ravishda ishga qabul qilgan.
«Dastlab ular ishga olish mumkin bo‘lgan barcha mutaxassislarni ommaviy ravishda yollashdi. Bunda ularga aynan qanday vazifalarni bajaradigan mutaxassislar kerakligiga unchalik katta e’tibor berishmadi», – dedi Yakovleva.
Natijada banklar xodimlarning oraliq boshqaruv bo‘g‘inlarini qisqartirishni va ularning ish samaradorligiga ko‘proq e’tibor berishni boshlagan. 2026-yilda bunday jarayonlar avvalgiga qaraganda kamroq kuzatilmoqda.
«Bank cheksiz ravishda yuqori ish haqi to‘lay olmaydi. Shuning uchun xodimlar sonini optimallashtirib, faqat eng yaxshilarini qoldirishi kerak», – deya tushuntirdi assotsiatsiya rahbari.
Shu bilan birga, ayrim lavozimlarning qisqartirilishi, umuman olganda, kadrlarga ehtiyoj kamayganini anglatmaydi. Moliya tashkilotlari ma’lumotlarni tahlil qilish va texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalariga ega xodimlarni izlashda davom etmoqda.
Nima uchun O‘zbekistonda malakali kadrlar yetishmaydi
Mehnat bozoridagi yana bir muammo – ishchi kuchi soni bilan ish beruvchilarga zarur bo‘lgan malaka o‘rtasidagi tafovut.
Yakovlevaning taqdimotiga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi aholi soni 21,2 million kishini tashkil etadi. Ishsizlik darajasi taxminan 4,9 foizni tashkil qilmoqda. 2025-yilda esa aholi soni 693,5 ming kishiga ko‘paygan.
Biroq mehnat resurslarining ko‘pligi korxonalar yetarli miqdorda malakali xodimlarga ega bo‘lishini kafolatlamaydi.
«Odamlar ko‘p. Ammo o‘zingizdan so‘rab ko‘ring: korxonalaringizda xodimlar yetarlimi? Menimcha, 100 foiz odam «Yo‘q, yetarli emas», deb javob beradi. Xo‘sh, muammo nimada? Bizga aslida nima yetishmayapti? Bizga aynan ko‘nikmalar yetishmayapti», – dedi Yakovleva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zarur ko‘nikmalarning yetishmasligi eng tez rivojlanayotgan sohalarda ish haqi darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Hozir biznesimizga zarur bo‘lgan, ammo mehnat bozoridan topa olmayotgan juda ko‘p kompetensiyalar va ko‘nikmalar yetishmaydi. Shu sababli turli sohalarda ish haqi darajasi keskin o‘zgarayotganini kuzatyapmiz», – deya ta’kidladi u.
Ayniqsa, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari va kelajakda rahbarlik lavozimlarini egallashi mumkin bo‘lgan xodimlar yetishmayapti. Assotsiatsiya bahosiga ko‘ra, kompaniyalar o‘z kadrlar zaxirasini shakllantirishga ulgurishidan tezroq rivojlanmoqda.

Sun’iy intellekt bank xodimlariga bo‘lgan talabni qanday o‘zgartiradi
Yakovlevaning baholashicha, sun’iy intellekt moliya tashkilotlariga ayrim operatsiyalarni avtomatlashtirish imkonini beradi, biroq kadrlar muammosini to‘liq hal qila olmaydi.
Birinchi navbatda, o‘zgarishlar hujjatlar bilan ishlash, qo‘ng‘iroqlar markazlari va banklarning ichki xizmatlaridagi standart operatsiyalarga ta’sir qiladi.

«Birinchidan, sun’iy intellekt ish yukini kamaytirishga, ya’ni hujjatlar bilan ishlash va qo‘ng‘iroqlar markazlaridagi vazifalarni avtomatlashtirishga yordam beradi. Bularni bemalol sun’iy intellektga topshirishimiz mumkin. Gap oddiy, takroriy operatsiyalar haqida ketmoqda. Natijada boshlang‘ich darajadagi mutaxassislarga talab kamayadi», – deb tushuntirdi u.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt audit, komplayens, tahlil va hisobot tayyorlash jarayonlarida ma’lumotlarni qayta ishlashni tezlashtiradi. Bu mehnat unumdorligini oshiradi, biroq texnik mutaxassislarga bo‘lgan talabni ham kuchaytiradi.
«Ma’lumotlar tahlilchilari, ma’lumotlar muhandislari, BI (biznes-tahlil), risklarni boshqarish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar — yaqin uch-besh yil ichida moliya sektorida ularga talab juda katta bo‘ladi», – deya ta’kidladi Yakovleva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar hozirdanoq bunday xodimlarni topishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
«Hozirning o‘zida bu mutaxassislar uchun keskin raqobat ketmoqda. Ularni qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va Qirg‘izistondan jalb qilyapmiz», – dedi u.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yil II choragida respondentlarning 66 foizi kelgusi davrda daromadlari oshishini kutayotgani haqida xabar berilgandi.